20:11 / 21.06.2020
19396
Qoida buzgan haydovchi inspektorni ko‘ndira olmagach, internetda yolg‘on video tarqatdi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Avtomashinasi buzilib qolibdi. YPX xodimi esa planshetda rasmga tushirib ketibdi» sarlavhasi ostida video tarqaldi.

Videoda «Neksiya» haydovchisi texnik nosozlik tufayli to‘xtash taqiqlangan joyda to‘xtashga majbur bo‘lgani, maxsus ogohlantiruvchi avariya belgisini ham o‘rnatgani, YXH inspektori esa uning tushuntirishlariga qaramay «To‘xtash taqiqlangan» belgisi ta'sir doirasida turgan avtomobilini planshetda suratga olib ketganini aytadi.

«Buni qanaqa tushunish kerak? [Mashina] o‘chib qolsa, [jarima] yozib ketaverishadimi?» – deydi video muallifi.

Ammo IIV Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi e'lon qilgan videodan voqea aslida boshqacha bo‘lgani, haydovchi 19 iyun kuni Yashnobod tumanidagi «Aviasozlar» («Kadisheva») dehqon bozori yaqinidagi holatni yolg‘on talqin etgani ma'lum bo‘ldi.

YHX inspektori «To‘xtash taqiqlangan» belgisi ta'sir doirasida to‘xtab turgan «Neksiya»ni planshetida suratga olgani hamda undan avval haydovchi va inspektor o‘rtasidagi muloqot inspektorning bodi-kamerasida yozib olingan.

Bodi-kamera tasviriga ko‘ra, haydovchi inspektordan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirmaslikni iltimos qilib, xarid maqsadida 2 daqiqaga to‘xtaganini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga doir ma'muriy jarimalarni to‘lashning billing tizimi ishga tushirilgan: YXH inspektorlari haydovchilarning yo‘l harakati qoidalarini buzgani faktini voqea joyida planshetlarda tasvirga olib, «Ma'muriy amaliyot» kompleks avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritmoqda. Tizim asosida esa qoidabuzarlarga SMS shaklda va pochta orqali jarima yuborilmoqda.

Bundan tashqari, to‘xtash taqiqlangan joylarda qoldirilgan mashinalar harakatdagi avtopatrullar tomonidan qayd etilib, ayrim hollarda bir vaqtning o‘zida o‘nlab qoidabuzarlarga avtomatik tartibda jarimalar yuborilmoqda.

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

Bir yil oldin, 2019 yil 1 iyulidan boshlab, qoidabuzarlik aks etgan videoyozuvlarni yuborgan shaxslarga BHMning 5 foizi (11 150 so‘m) miqdorida pul mukofoti belgilangan edi.

Haydovchilar O‘zbekiston shaharlarida «To‘xtash taqiqlangan» yo‘l belgisi haddan ortiq ko‘p o‘rnatilganini aytishadi. Ko‘plab ijtimoiy obektlar yaqinida avtoturargohlar yetishmovchiligi sharoitida bu yo‘l belgilari aholiga ortiqcha noqulaylik tug‘dirishi va belgilangan jarima miqdori ijtimoiy tarmoqlarda tez-tez muhokamalar mavzusiga aylanadi.

Ma'lumot uchun, to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzganlik uchun BHMning 3 baravari (669 000 so‘m)dan 15 baravari (3 345 000 so‘m)gacha jarima belgilangan.

Top