15:07 / 22.06.2020
6279
«Bahor» raqs ansambli direktori tayinlandi

Qobul Yo‘ldoshev “Bahor” davlat raqs ansambli davlat muassasasi direktori lavozimini egalladi.

Foto: Madaniyat vazirligi

“Bahor” davlat raqs ansambli davlat muassasasi direktori tayinlandi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qobul Sobirjonovich Yo‘ldoshev Madaniyat vazirligi huzuridagi Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli davlat muassasasi direktori lavozimini egalladi.

Q. Yo‘ldoshev mazkur lavozimga tayinlangunga qadar Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasi direktori o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq artisti Ziyoda Madrahimova “Bahor” davlat raqs ansambli badiiy rahbari etib tayinlandi

Z. Madrahimova Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansamblida 1972-1993 yillarda balet artisti sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning fevral oyi boshida O‘zbekiston prezidenti “Milliy raqs san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Madaniyat vazirligi, Kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashining Madaniyat vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida “Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli” faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Davlat raqs ansamblining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:

O‘zbekistonda raqs san'atini yanada rivojlantirish, bu borada shakllangan ijodiy maktablarga xos an'analarni, mohir baletmeysterlar, balet artistlari merosini tiklash;

milliy raqs san'atining mumtoz va zamonaviy ijro namunalari “oltin fondi”ni yaratish;

xalqimiz, xususan, yosh avlodni milliy raqs san'ati haqidagi nazariy va amaliy bilimlar bilan keng tanishtirish orqali ularning qalbi va ongida milliy o‘zlikni anglash, ajdodlar merosiga hurmat tuyg‘usini, yuksak badiiy-estetik did va tafakkurni kamol toptirish;

raqs va xoreografiya san'ati sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etishda ishtirok etish, iste'dodli yosh baletmeysterlarning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun sharoitlar yaratish;

milliy raqs va xoreografiya san'ati sohasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlarning natijalari asosida zamonaviy raqs kompozitsiyalarini sahnalashtirish;

milliy raqs san'atini mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda keng targ‘ib qilish maqsadida Davlat raqs ansamblining milliy hamda jahon xalqlari raqslaridan iborat dasturlari asosidagi gastrol-konsert faoliyatini yo‘lga qo‘yish.

Top