07:31 / 22.06.2020
10662
Hukumat Xorazm viloyati bo‘yicha yangi qaror qabul qilishi kutilyapti

Xorazm viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining “Xorazm viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Hujjat Xorazm viloyatining turizm salohiyatidan samarali foydalanish va uni yanada rivojlantirish, zamonaviy turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va yangi dam olish maskanlarini barpo etish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash, turizm sohasiga investitsiyalarni keng jalb qilish, shuningdek, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish maqsadida qabul qilinadi.

Belgilanishicha, YuNeSKO Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar, shu jumladan bufer zonalardan tashqari, Xiva shahrida mehmonxonalar qurish uchun jismoniy va yuridik shaxslarga “YER AUKSION” savdo maydonchasida elektron onlayn-auksion orqali taqdim etiladigan yer uchastkalari bo‘yicha quyidagi investitsiya majburiyatlari yuklanadi:

maydoni 0,06 gektardan 0,15 gektargacha bo‘lgan yer uchastkasini ajratishda investorga 50 ta xonadan kam bo‘lmagan mehmonxona;

maydoni 0,15 gektardan 0,3 gektargacha bo‘lgan yer uchastkasini ajratishda - 100 xonadan kam bo‘lmagan mehmonxona;

maydoni 0,5 gektardan va undan ortiq maydonga ega yer uchastkasini ajratishda - 200 ta xonadan kam bo‘lmagan, 3 - 5 yulduzli toifadagi standartlarga mos keladigan mehmonxona qurish.

Xorazm viloyati hokimligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qurilish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Xorazm viloyati Shovot tumanida joylashgan “Yusuf Hamadoniy” majmuasiga tutash hududlarda turizm infratuzilmasini barpo qilish, shuningdek, ziyoratchilar va turistlar uchun qo‘shimcha qulayliklar jumladan, umumiy ovqatlanish obektlarini “halol” standarti bo‘yicha sertifikatlashtirish va dam olish uchun joylar tashkil etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Xorazm viloyat hokimligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining Urganch-Xiva yo‘nalishdagi yo‘l bo‘yi hududlarini o‘z ichiga olgan “Xiva turistik transport koridori”ni tashkil etish hamda ularda zamonaviy mehmonxona majmualari, savdo-ko‘ngilochar va turizm ahamiyatiga ega bo‘lgan boshqa obektlar qurish, shuningdek, zamonaviy muhandislik infratuzilmasi obektlarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.

Belgilanishicha, 2020 yil 1 sentyabrdan:

“Urganch” xalqaro aeroportida xalqaro normalarga muvofiq qatnovlar va yo‘nalishlar soni bo‘yicha cheklovlarni olib tashlagan holda O‘zbekiston Respublikasining rezident-aviakompaniyalari qatnovlar amalga oshirmaydigan yo‘nalishlar bo‘yicha xorijiy aviakompaniyalarga "havo erkinligining" beshinchi darajasini taqdim etuvchi “Ochiq osmon” rejimi joriy etiladi;

Xorijiy aviakompaniyalar parvozlar xavfsizligi va aviatsiya xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha aviakompaniyaning tegishli hujjatlarini tekshirish yakunlari Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkilotining (IKAO) xalqaro standartlariga muvofiq bo‘lganda havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimlarning mavjudligidan qat'iy nazar "Urganch" xalqaro aeroportiga doimiy parvozlarni amalga oshirishlari mumkin.

Transport vazirligi mamlakatda koronavirus infeksiyasi hamda iqtisodiy inqiroz bilan bog‘liq holat barqarorlashgandan so‘ng quyidagi ishlarni tashkil qilish choralarini ko‘radi;

a) Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda “Urganch” xalqaro aeroportida istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha mavjud turizm ehtiyojidan kelib chiqib, xorijiy aviakompaniyalar bilan yangi doimiy va charter reyslar yo‘lga qo‘yish yoki mavjud reyslar chastotasini oshirish to‘g‘risida muzokaralar o‘tkazadi;

b) “Uzbekistan Airpors” AJ va “Uzbekistan Airways” AJ Urganch shahriga MDH, XXR, Indoneziya, Yaponiya, Turkiya va Yevropa mamlakatlaridan (Ispaniya, Avstriya va Sharqiy Yevropa davlatlari) turistlar oqimini ko‘paytirish uchun aviaqatnovlarni ko‘paytiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab Urganch davlat universiteti bazasida xitoy, yapon, koreys, italyan, arab va ispan tillarini o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan yo‘nalishlarni tashkil qilish choralarini ko‘radi.

Madaniyat vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda “Ichan qal'a” davlat muzey qo‘riqxonasida 2020 yil 1 sentyabrdan boshlab:

turizm mavsumi davomida har kuni soat 5:00 dan (avgust — noyabr, mart - iyun) 24:00 gacha ish rejimi o‘rnatilishini;

turistlar uchun turizm xizmatlarini monetizatsiyalashga qaratilgan tegishli xizmatlar tashkil etilishini (teatr shoularni tashkil qilish, havo sharida ekskursiya, majmua tarixi haqida qisqa metrajli filmlar namoyishi va boshqalar);

turizm xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirish maqsadida, obekt hududida axborot ko‘rsatkich belgilari o‘rnatilishini ta'minlaydi.

Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi va Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilar bo‘yicha tegishli choralar ko‘radi:

turistik mavsum past bo‘lgan (noyabr-fevral, iyul-avgust) davrda respublika fuqarolari uchun muzeylarga narx belgilashni qayta ko‘rib chiqishi va chegirmalar joriy etishi bo‘yicha huquq berilishi;

Xiva shahrining madaniy meros obektlari va me'moriy yodgorliklarining soat 22:00 gacha ishlashini ta'minlash orqali ish vaqti rejimini qayta ko‘rib chiqish.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi uch oy muddatda:

“Bog‘i shamol” bog‘i, “Ollaqulixon” yozgi bog‘i, “Chodra Hovli” majmuasi va “Islom Xo‘ja” yozgi qarorgohini (Xiva shahri) turistik yo‘nalishlarga kiritish choralarini ko‘radi.

Top