09:50 / 22.06.2020
4216
Toshkent shahar IIBB fuqarolarni karantin qoidalariga rioya qilishga chaqirdi

O‘tgan sutka davomida epidemiyaga qarshi kurash qoidalari buzilganligi bilan bog‘liq 730ta fakt, aholiga xizmat ko‘rsatish sohasi ishchilari tomonidan 9 qoidabuzarlik qayd etildi.

Toshkent shahar IIBB xodimlari SEX xizmati vakillari va Milliy gvardiya xizmatchilari bilan birgalikda xizmat ko‘rsatish, savdo sohalari ishchilari hamda fuqarolar orasida karantin munosabati bilan profilaktik ishlar olib borishmoqda. 

IIBB xabarida aytilishicha, shahar aholisi va mehmonlariga sanitariya-epidemiologiya me'yorlariga rioya qilish muhimligi eslatilmoqda. Oddiy tibbiy niqob taqish ham virus tashuvchi bilan o‘rtada jiddiy to‘siq vazifasini o‘tashi tushuntirildi

“Yonida shaxsiy himoya vositasi bo‘lmaganlarga tibbiy niqob berildi. Savdo joylarida, go‘zallik salonlarida va boshqa xizmat ko‘rsatish obektlarida antiseptiklar borligi, mijozlarning tana haroratlari o‘lchanishi, ijtimoiy masofa saqlanishi tekshirildi. 

Bundan tashqari, ko‘p qavatli uylarga kirish joylari va bolalar maydonchalari dezinfeksiya qilindi. Jami o‘tgan sutka davomida ichki ishlar organlari xodimlari va SEX vakillari fuqarolar tomonidan epidemiyaga qarshi kurash qoidalari buzilganligi bilan bog‘liq (tibbiy niqobsiz yurish) 730ta faktni, aholiga xizmat ko‘rsatish sohasi ishchilari tomonidan 9 qoidabuzarlikni qayd etishdi.

Hurmatli hamshaharlar va poytaxt mehmonlari! Karantin qoidalariga jiddiy munosabatda bo‘lishingizni so‘raymiz. Koronavirus infeksiyasi xavfi yo‘qolishi va bizning odatiy hayot tarzimizga qaytishimiz o‘zimizga bog‘liq”, - deyiladi ma'lumotda.

Top