10:44 / 23.06.2020
8499
Belarusdagi norozilik namoyishlari ishtirokchilariga yirik jarimalar solinmoqda

Belarusda prezident saylovlari kampaniyasi vaqtida qo‘lga olingan siyosatchilar va faollar bilan birdamlik aksiyasi ishtirokchilari yirik jarimalar bilan jazolanmoqda. Bu haqda Belarusning “Vesna” huquqni himoya qilish markazi ma'lum qildi.

Foto: STR / AP Photo

Namoyishlar ishtirokchilariga 570 dollargacha jarima solinmoqda. Huquq himoyachilarining ma'lumotlariga ko‘ra, namoyishchilar butun mamlakat bo‘ylab javobgarlikka tortilmoqda. Ular ustidan sudlar paoytaxt Minsk, Vitebsk, Mogilev, Bobruysk va boshqa shaharlarda bo‘lib o‘tgan.

Umumiy hisobda ma'muriy ishlar bo‘yicha 80 kishi o‘tmoqda. Ular asosan noqonuniy ommaviy tadbirlar o‘tkazishda hamda militsiya xodimlari ko‘rsatmalariga bo‘ysunmaslikda ayblanmoqda. 

Namoyishlarning ba'zi ishtirokchilariga ma'muriy hibsga olish qo‘llanmoqda, biroq ularning aksariyati jarimaga tortilmoqda. Minskda bu jarimalarning qiymati 170-568 dollarni, hududlarda 45-398 dollarni tashkil qilmoqda. 

O‘tgan hafta Minsk va Belarusning boshqa shaharlarida prezident saylovlariga muqobil nomzodlar qo‘llab-quvvatloviga aksiyalar o‘tgan. Odamlar jonli zanjir hosil qilib, norozilik bildirishgan. 270 ga yaqin namoyishchi hibsga olingan.

Belarusda 9 avgustda prezident saylovlari bo‘lib o‘tadi. Mamlakatning amaldagi prezidenti Aleksandr Lukashenko ham saylovlarda ishtirok etib, 6-muddatga saylanishi mumkin.

Top