21:51 / 23.06.2020
4694
Bolton pandemiya AQShning biologik hujum oldida zaifligini ko‘rsatganini aytdi

AQSh hukumatining koronavirus pandemiyasiga munosabati AQShning biologik qurol yordamida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan hujum oldida zaifligini ko‘rsatdi. Bunday fikrni AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq yordamchisi Jon Bolton Axios portaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Undan Donald Trampning ikkinchi muddatga qayta saylanishi holatida nimalardan xavotirlanayotgani haqida so‘rashgan. “Agar Trampning pandemiyaga munosabati biologik qurolga ega bo‘lishni rejalashtirayotgan biror kimsaga nimanidir isbotlagan bo‘lsa ham, bu prezident pandemiyaga tizimli ravishda munosabat bildira olmasligidir. Ushbu pandemiyaning manbasi qanday bo‘lmasin, bu biologik qurolni nazorat qiluvchi yoki uni qo‘lga kiritishga intiluvchi odamlarga nima yuz berishi bo‘yicha yo‘l xaritasi hisoblanadi”, deb javob qilgan Bolton.

U, shuningdek, Tramp noyabrdagi saylovlarda g‘alaba qozongudek bo‘lsa, AQShni NATOda qoldirishi “juda shubhali” ekanini aytgan. “Men Germaniyadan 9, 10 ming harbiy olib chiqilishiga agar ular Polshaga yoki boshqa joyga ko‘chirilsa, qarshi emasman. Biroq u bu harbiylarni uyga buning uchun qaytarmayapti. Mening bunga [Trampning Germaniyadagi qo‘shinlar soni qisqartirilishini e'lon qilishiga] birinchi munosabatim shu bo‘ldiki, bu intihoning boshlanishidir”, deb aytgan sobiq yordamchi. Shu munosabat bilan u “Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya bilan alyanslar savol ostida qolayotganini” aytgan. “Agar siz qolgan dunyo olisda deb hisoblasangiz, unda bu alyanslar nima uchun kerak?”, deb qo‘shimcha qilgan Bolton.

Bundan tashqari, Tramp saylangudek bo‘lsa, AQShda sud tizimida korrupsiya, federal hukumat o‘z vakolatlarini unga qarshi bo‘lgan odamlarga nisbatan qo‘llashi, konstitutsiyaviy me'yorlarning tanazzuli boshlanadi.

Bolton, shuningdek, “Bu yuz bergan xona: Oq uy xotiralari” deb nomlangan  kitobi sotuvga chiqqani sababli uni xoin deb atagan AQSh davlat kotibi Maykl Pompeoning so‘zlariga munosabat bildirdi. “O‘ylashimcha, Shimoliy Koreya, Eron va Afg‘oniston, ayniqsa Shimoliy Koreya va Afg‘oniston borasida Pompeo yaxshi maslahatlar berishni istamagan ko‘plab holatlar bo‘lgan. Men u o‘zini bunday tutganini tushunmayman. Biroq u buni qilgan. Va u bundan faxrlanadi. Bu u chiqargan xulosa”, deb aytgan sobiq siyosatchi.

Uning ta'kidlashicha, u Oq uydagi faoliyati davomida qayd qilib borgan barcha yozuvlarni yo‘q qilib yuborgan. “Men ko‘p yozuvlar qayd qilardim. Men Oq uyni tark etishim oldidan bergan intervyuda aytganimdek, ular Oq uyda bo‘lgan vaqtimdayoq yo‘q qilingan”, deb ta'kidlab o‘tgan Bolton. Shu bilan birga, u bu holda suhbatlar va voqealar batafsil bayon qilingan 551 sahifalik kitobni qanday yozgani borasida gapirishni istamagan. “Men kitobni qanday yozganim yoki shu qabilidagi narsani tushuntirib o‘tirishni istamayman”, deb ta'kidlab o‘tgan Bolton.

Axios nashrining ta'kidlashicha, AQSh tarixida hali birorta prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq yordamchisi prezident qo‘li ostida bir yildan ortiqroq ishlab, ushbu prezident hali lavozimida qolayotgan vaqtda uning faoliyatiga bunday baho bermagan.

Top