23:59 / 23.06.2020
145335

Bugun O‘zbekistonning 10 hududida yangi kasallanish holatlari aniqlandi

23 iyun kuni O‘zbekistonda 201ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi (jami 6662 holat) va 110 nafar bemor sog‘aydi. Shu vaqtgacha 4560 bemorga javob berilgan, 19 kishi vafot etgan, shifoxonalarda 2083 nafar bemor davolanmoqda.

Bugun 10 hududda - Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Namangan, Andijon, Xorazm, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. Buxoro, Navoiy hamda koronavirusdan xoli bo‘lgan Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida yangi kasallanish holatlari kuzatilmadi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Bugungi 201 holatdan 168tasi karantin muassasalarida, 30tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 3 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Aholi orasida (+30)
Bugun O‘zbekistonning 8 hududida aholi orasida yangi holatlar aniqlandi, shundan eng ko‘pi Toshkent shahrida qayd etildi - 9ta holat.

Shuningdek, Xorazm viloyati (6), Qashqadaryo viloyati (4), Namangan viloyati (3), Toshkent viloyati (3) Andijon viloyati (2), Surxondaryo viloyati (2) va Sirdaryo viloyatida (1) aholi orasida yangi kasallanish holatlari aniqlangan.

  • Iyun oyida bir kun ichida buncha ko‘p hududda kasallik aniqlanishi va buncha ko‘p hududda aholi orasida kasallik qayd etilishi iyun oyida kuzatilmagandi. Oy davomida bu borada eng yuqori ko‘rsatkich 10 iyunda kuzatilgan -  7ta hududda aholi orasida koronavirus aniqlangan.

Karantin (+168)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 115 holat aniqlandi.

Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida 18 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi.

Surxondaryo viloyatida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida 9 holat qayd etildi.

Xorazmda karantindagilar orasida 8 nafar koronavirus bemori aniqlangan.

Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda (1), Sirdaryo (6), Qashqadaryo (3), Samarqand (3), Andijon (1) va Toshkent viloyatida (4) karantindagilar orasida yangi holatlar chiqqan.

Haydovchilar (+3)
Toshkent viloyatida 2, Sirdaryo viloyatida 1 nafar xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari virus yuqtirgani ma'lum bo‘lgan.

Tuzalganlar (+110)
Bugun Toshkent shahri va Samarqand viloyatlaridagi tibbiyot muassasalarida 110 nafar bemor sog‘ayib, shu vaqtgacha kasallikdan tuzalib chiqqanlar soni 4560 nafarga yetdi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2083 nafar bemordan 17 nafari og‘ir, 4 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Hozirda mamlakatda uy karantinida 36 294 nafar, statsionar karantinda esa 22 656 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top