16:00 / 23.06.2020
21648
Insoniyat qachondan beri va nima uchun soliq to‘lashini bilasizmi? – Soliq majburiyati tarixi haqida

«Dunyoda hech narsa soliq va o‘lim kabi muqarrar emas», degan edi Benjamin Franklin. Insoniyat doimiy tartibda to‘lashga o‘rganib qolgan soliqlarning ham ko‘p yillik rivojlanish tarixi bor. Dunyoda ilk sivilizatsiya davrlaridanoq soliq munosabatlari shakllana boshlagan.

Ilk soliq yig‘imi joriy etilishi tarixi miloddan avvalgi uchinchi ming yillikda qadimgi Misrda shakllangan. Bibliyaning 47-bo‘limida aytilishicha, Misr fir'avnlari aholini yetishtirgan hosilning beshdan bir qismini soliq sifatida to‘lashga majbur qilgan.

Keyinchalik soliq amaliyoti yunon tsvilizatsiyasida ham rivoj topdi. 1799 yilda tarixiy Aleksandriya shahrining sharqiy hududidan topilgan «Rozetta yodgorligi» buning isboti bo‘la oladi. Unda miloddan avvalgi 196 yillarda Ptolomeylar sulolasida soliq munosabatlari amalda bo‘lgani tasvirlanadi.

O‘rta asrlar soliqchiligi

O‘rta asrlarda Yevropada meros, egalik va xarid uchun yangi soliq turlari amalga kiritila boshlanadi. Bu soliqlardan olinadigan tushum, asosan, urush davrlarida mudofaa uchun zarur bo‘lgan.

Xitoy ham ilk soliq tartiblarini joriy etgan davlatlardan biri. Tan sulolasi (618-907) va Song sulolasi davrida (1127-1279) aholi ro‘yxatga olinadi va bu asosida ularga soliq to‘lash majburiyati yuklanadi.

Yig‘ilgan pul esa armiyaga, bundan tashqari, irrigatsiya va transport qatnovi uchun zarur bo‘lgan kanallar qurilishiga yoki shunga o‘xshash ijtimoiy loyihalarga sarflangan.

Markaziy Osiyodagi soliqlar

Miloddan oldingi birinchi ming yillikning boshlaridayoq Markaziy Osiyo hududlarida ko‘chmanchilik sharoitida, o‘zlari uchun qulay joy izlab yurgan ko‘plab urug‘ va qabilalar yer maydonlari, suv, o‘tloqlarni egallash maqsadida kurashib kelishgan. Ayrim hollarda esa ular o‘zlaridan kuchliroq qabilalarga yer solig‘i, ya'ni o‘lpon to‘lab turganlar.

Lekin fors hukmdori Doro davriga kelganda ilk bor doimiy tartibdagi soliqlar joriy qilinadi. Doro soliq tizimini faqat o‘z mamlakatida emas, balki egallab olgan mamlakatlariga ham joriy etadi. Eronning qadimgi Persapol shahridan topilgan uzoq ajdodlarimiz – baqtriyaliklar, xorazmliklar, so‘g‘dlar va saklar tasvirlagan rasmlarda, saklar kiyim-kechak, baqtriyaliklar tuya va idishlar, xorazmliklar dudama xanjar, jangavor bolta, bilaguzuk va otni shohga olib borayotgan manzara chizilgan. Bu ular to‘layotgan soliq turlari sifatida taxmin qilinadi.

Keyinchalik Aleksandr Makedonskiy Markaziy Osiyoni bosib olgach esa yerlik aholi soliqlarni yunonlar tamoyili bo‘yicha to‘lay boshlagan: soliqlar daromad solig‘i va ehsonlardan iborat bo‘lgan. Daromad solig‘i daromadning o‘ndan yoki yigirmadan biri miqdorida undirilgan, sabab sifatida esa jamoat manfaatlarini himoya qilish maqsadi ko‘rsatilgan.

Kasb egalari uchun alohida soliq turlari

651 yildan boshlab, Markaziy Osiyo hududida arablar hukmronligi o‘rnatiladi. Bu davrda soliqqa tortish tizimi murakkablashgan va turli xildagi soliqlar paydo bo‘lgan.

Masalan, zakot mol-mulkning 2,5 foiz miqdorida olinadigan soliq bo‘lib, kambag‘allar, yetimlar va yo‘lovchilarga xayr-ehson berish maqsadida undirilgan. Yer uchun xiroj solig‘i olingan. Juzyani musulmon bo‘lmagan fuqarolar (ozod erkaklar) to‘laganlar. Xotin-qizlar, keksalar, kambag‘allar va qullar bu soliqni to‘lashdan ozod qilingan. Juzyani hisoblashda o‘ziga to‘qlik darajasi hisobga olingan va soliq pul yoki natura shaklida undirilgan.

Bundan tashqari, chorvadorlardan, hunarmandlardan va savdogarlardan soliqlar olingan.

Soliq yig‘uvchilar uchun maosh joriy etilishi — Amir Temur islohotlari

Amir Temur soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari «Temur tuzuklari»da ifodalangan: «Amr etdimki, raiyatdan mol-xiroj yig‘ishda ularni og‘ir ahvolga solib qo‘yishdan yoki mamlakatni qashshoqlikka tushirib qo‘yishdan saqlanish kerak. Negaki, raiyatni xonavayron qilish (davlat) xazinasining kambag‘allashishiga olib keladi. Xazinaning kamayib qolishi esa sipohning tarqalib ketishiga sabab bo‘ladi».

Amir Temurgacha bo‘lgan davrda soliq yig‘uvchilarning ish haqi soliq to‘lovchilar hisobidan bo‘lgan. Shuning uchun ular qonunda ko‘zda tutilmagan soliqlarni undirishga ham harakat qilar edilar. Amir Temur soliq undiruvchilarga xalqning ustiga yuk bo‘lmasligi uchun ularga maosh tayinladi.

Amir Temur davrida asosan dehqonchilik bilan bog‘liq bo‘lgan xiroj va ushr soliqlari amal qilgan. Savdogarlar va hunarmandlar tamg‘a yoki zakot to‘lashgan, chegaradan o‘tgan mollar hisobidan boj olingan. Bu soliqlar davlat xazinasining asosiy manbayi hisoblangan.

Zamonaviy shakldagi daromad solig‘ining vatani – Buyuk Britaniya

Yevropa davlatlarida ham soliq undirishning o‘ziga xos tarixi bor. Masalan, Angliyada qirol Jon tomonidan 1203 yilda junga eksport solig‘i joriy etilgan. 1275 yilda esa qirol Eduard vino solig‘ini joriy etadi. 1572 yilda Angliyada kambag‘allarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kambag‘allik solig‘i ham amalga kiritiladi.

1707 yil 1 may kuni Buyuk Britaniya tashkil topgach, Angliya va Uyelsda 1696 yilda yuzaga kelgan pul defitsiti muammosini bartaraf etish uchun yangi soliqlar haqida o‘ylana boshlanadi. Va tez orada daromad solig‘i g‘oyasi vujudga kela boshlaydi.

Odamlar dastlab daromad solig‘i to‘lashdan bosh tortishadi. Ular o‘zlari topgan daromadning ma'lum qismini davlatga o‘tkazish shaxs erkinligiga tahdid deb hisoblashgan. Bular tufayli Buyuk Britaniyada daromad solig‘i doimiy ravishda joriy etilishi uchun 1842 yilga qadar vaqt o‘tadi.

AQSh: Ilk soliq hujjatidan to odatiy tartibdagi to‘lov munosabatlarigacha

AQShda daromad solig‘ini joriy etish fuqarolar urushi (1861 yil) tarixi bilan bog‘lanadi. Abraham Linkoln AQSh tarixida birinchi bo‘lib, 1861 yil 5 avgustda shaxslarning topayotgan daromadlaridan davlatga daromad solig‘i to‘lashlari lozim ekani to‘g‘risidagi qonunga imzo chekadi. Soliqlar tushumi urush harakatlarini qo‘llashga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan edi.

1894 yilda esa Kongress tomonidan federal daromad solig‘i joriy qilinadi. Biroq bir yildan so‘ng AQSh Konstititutsion sudi uni qonunlarga zid deb topgan. Sababi federal daromad solig‘ini to‘lash tartibida har bir shtatning aholisi soni alohida tartibda hisoblab chiqilmagan edi.

Keyinchalik esa Kongress tomonidan 1909 yilda Konstitutsiyaga 16-o‘zgarish kiritiladi. Bu o‘zgarish shtat aholisining sonidan qat'i nazar, har bir odamning shaxsiy daromadlarini soliqqa tortishga imkon bergan.

O‘zgarish 1913 yilga kelibgina yetarli sonli shtatlar tomonidan ratifikatsiya qilingan va hozirga qadar amerikaliklar o‘z daromadlaridan davlatga soliq to‘lab kelishadi.

AQSh soliq tizimi progressiv tizimga asoslangan: ya'ni qancha ko‘p daromad olinsa, soliq stavkasi ham shuncha balandroq bo‘ladi. Soliq to‘lovchilar ba'zida soliq yukini kamaytirish uchun turli imtiyozlardan ham foydalanishi mumkin.

Soliq stavkalari ham hozirga qadar turlicha bo‘lgan. Bu, ayniqsa, yuqori daromadli shaxslar uchun seziladi. Daromad soliqlari doimiy asosda to‘lana boshlangan 1913 yilda esa stavkalar 7 foizni tashkil etgan.

Hozirda AQShda soliq tushumlarining qariyb yarmini jismoniy shaxslar to‘layotgan daromad solig‘i tashkil qiladi.

O‘zbekistondagi soliq majburiyatlari

O‘zbekistonda ham fuqarolar va yuridik tashkilotlar turli soliqlar to‘lashadi: daromad solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, yagona soliq to‘lovi, ayrim tovarlarga nisbatan aksiz solig‘i, yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliqlar va maxsus to‘lovlar, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga binoan, O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining asosiy stavkasi – 12 foiz, dividendlar va foizlar ko‘rinishidagi daromadlar uchun foiz stavkasi – 5 foiz etib belgilangan.

Top