19:35 / 23.06.2020
10009
«Mening ham qizim sog‘ayib, o‘ynab ketsa deyman...» – ona Ziyoda uchun yordam so‘ramoqda 

Murakkab kasalliklar yosh tanlamasligi, murg‘ak go‘daklarni ham azoblashi hayotning achchiq haqiqati. Olti oylik chaqaloq bo‘lgan Ziyoda eshitganda hatto kattalar ham titraydigan og‘ir dard bilan kurashmoqda.

Tahririyatimizga Toshkent tumanidan Mohira Azizova 6 oylik qizi Ziyoda Uchqunova uchun xayriya aksiyasi uyushtirishimizni so‘rab murojaat qildi. Otasining qo‘lida ojizgina qimirlab turgan go‘dak darddan qorayib ketgan, o‘ta qiyinchilik bilan harakatlanadi, shu joniga ham mislsiz og‘riqlar azob berayotganini his qilish mumkin.

– Uch qizimning kichigi bu Ziyoda farzandim. Bolamga jigar biliar sirrozi tashxisi qo‘yilgan. O‘zimizda operatsiya yo‘li bilan davolashning iloji yo‘q ekan. Operatsiya narxi va davolanish samarasi bo‘yicha Hindiston bizga mos keldi. Lekin bu davlatga muolajaga borish uchun ham bizga 27 ming dollardan ortiq mablag‘ kerak ekan. Ozmi-ko‘pmi to‘plaganimiz bor, lekin u yetmaydi...

Ziyodaning onasi Mohira Azizova

Qizimga o‘zim donorlik qilib, jigarimning bir bo‘lagini bermoqchiman. Mana hozir karantinlar oxirlab, reyslar tiklanayotganini eshitib, oldin davolanib kelganlarni ko‘rib, bizda umid uyg‘ondi. Yaxshi insonlar oz-ozdan ko‘mak berishsa ham bolamizni saqlab qolish imkoniyati bo‘lardi. Qizimsiz hayotimni tasavvur qila olmayman, qani endi u ham boshqa bolalardek o‘ynab-kulsa! Olti oydan o‘tyaptiki xuddi yangi tug‘ilgan chaqaloqdek, qorinlari shishgan, yuzlari qoraygan. Bu kasallikda kuchli og‘riq ham bo‘larkan, bolaginam qanday chidayapti ekan, bu dardini ham ayta olmasa, – deydi yig‘laganicha onaizor.

Azizlar! Ko‘pning yordami ko‘l bo‘ladi. Bir yurtdoshimiz har birimizdan ko‘mak kutmoqda. Imkoni borlar ataganlarini plastik kartaga tushirib, imkoni yo‘qlar shugina go‘dakni duolarida eslab qo‘ysinlar.

Ziyoda Uchqunovaga oid ma'lumotlar:

Plastik karta raqami: 8600 0417 7005 8569

(Agrobank, onasi Mohira Azizova nomida)

Viza: 4187 8000 0022 4287

Telefon: +998 97 7848229

Abror Zohidov tayyorladi,
tasvirchi Abdusalim Abduvohidov.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top