13:14 / 23.06.2020
1471
Qonunchilik palatasi majlislarini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish bo‘yicha vaqtinchalik reglamentga o‘zgartishlar kiritildi

Karantin davomida videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladigan palata yig‘ilishlarida O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlarini qabul qilish, ularga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish mumkin bo‘ladi.

Foto: parliament.gov.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlislarini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish bo‘yicha vaqtinchalik Reglamentga o‘zgartishlar kiritildi.

Parlament saytida yozilishicha, ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi yig‘ilishlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2020 yil 16 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishiga qarshi kurashish davrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlislarini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish bo‘yicha vaqtinchalik Reglament”ga muvofiq, o‘tkazib kelinmoqda.

“Hozirgi murakkab sharoit karantin davomida palata faoliyatini yanada takomillashtirish, samarali yo‘lga qo‘yishni taqozo etmoqda. Buning uchun tasdiqlangan vaqtinchalik Reglamentga ham o‘zgartishlar kiritilishi talab etiladi”, - deyiladi ma'lumotda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ushbu dolzarb masala deputatlar tomonidan ko‘rib chiqildi.

Xalq vakillarining fikricha, vaqtinchalik Reglamentning 3-moddasiga asosan videokonferensaloqa rejimidagi majlislarda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini, konstitutsiyaviy qonunlarni qabul qilish, ularga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi, deb belgilangan. Lekin amaliyotda parlament karantin sharoitida ham to‘laqonli faoliyat ko‘rsata olishi uchun O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonunlariga tegishli o‘zgartishlar kiritilishini talab qilmoqda.

Shulardan kelib chiqib, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlislarini videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish bo‘yicha vaqtinchalik Reglamentning 3-moddasiga o‘zgartish kiritish taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, karantin davomida videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladigan palata yig‘ilishlarida O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlarini qabul qilish, ularga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish mumkin bo‘ladi.

Majlisda ushbu taklif jami deputatlarning uchdan ikki qismidan ko‘proq ovoz bilan qo‘llab-quvvatlandi.

Top