19:26 / 23.06.2020
2440
«Tashkent International University of Education» xalqaro universiteti maktablar uchun yangi avlod o‘qituvchilarini tayyorlaydi

23 iyun kuni “Tashkent International University of Education” xalqaro universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi hukumat qarori imzolandi. Yangi universitet maktablar uchun yangi avlod o‘qituvchilarini va boshqaruvchi kadrlarni tayyorlaydi.

XTV axborot xizmatining xabar berishicha, yangi universitet ta'lim tizimiga jahonning ilg‘or standartlarini kiritish, dunyoning yetakchi oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, iqtisodiyotimizning turli tarmoqlari uchun malakali kadrlar tayyorlash, ayniqsa, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish uchun zarur bo‘lgan pedagog va boshqaruvchi kadrlarni tayyorlash bilan shug‘ullanadi.

Universitet tomonidan belgilangan qabul parametrlari doirasida Xalq ta'limi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi buyurtmasiga ko‘ra The Times Higher Education “World University Rankings” reytingidagi dunyoning eng yukori 1000 talikka kiruvchi oliy ta'lim muassasalari dasturlari asosida tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlashni amalga oshiriladi. Iqtidorli yoshlar uchun imtiyozli grantlar ajratiladi.

Bitiruvchilar respublikamizning barcha hududlaridagi umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida STEAM (Science – fan, Technology – texnologiya, Engineering – injyenerlik, Ars – san'at, Math – matematika) fanlarini bemalol ingliz tilida xalqimiz farzandlariga ta'lim beradilar. Bu esa mamlakatimizdagi maktablarda yangi avlod o‘qituvchilarini tayyorlash uchun asos bo‘ladi. Ta'kidlab o‘tish kerak, hozircha STEAM fanlar faqat Prezident maktablarida ingliz tilida xorijiy pedagoglar tomonidan olib borilmoqda.

Ushbu maqsadlar uchun potensial investorga Toshkent shahar, Yashnobod tumani, “G‘alabaning 40 yilligi” 2-mavzesida joylashgan qurilishi tugallanmagan bino va inshootlar investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni bajarish sharti bilan “nol” xarid qiymatida beriladi.

Potensial investor o‘z mablag‘lari hisobidan universitet faoliyatini moliyalashtirish, obektlarni rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash, jihozlash va foydalanishga topshirish, shuningdek, ularga tegishli hududni obodonlashtirish kabi investitsiya majburiyatlarini bajarishi lozim.

Shu bilan bir katorda, ijtimoiy majburiyatlar bajarish doirasida shartli ravishda 10 yil davomida ilg‘or xorijiy oliy ta'lim muassasalari dasturlari asosida yiliga bepul 100 tadan pedagog tayyorlab bersa va ushbu dasturlar bo‘yicha yiliga taxminan 15 mln.so‘m xarajat qilsa, uning mazkur majburiyati summasi taxminan 60,0 mlrd.so‘mni tashkil qiladi (100 bitiruvchi x 4 yil o‘qish davomiyligi x 15 mln.so‘m yiliga x 10 ta guruh). Ya'ni, yuqorida ko‘rsatilgan obektni berish hisobiga davlat budjetidan kamida shu miqdordagi mablag‘ni sarflamasdan zamonaviy kadrlar tayyorlanishiga erishiladi.

O‘z navbatida, ushbu dasturda qatnashish uchun eng bilimli maktab bitiruvchilari xorijiy hamkor universitetlar vakillari tomonidan imtihon qilib olinadi va uni muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilar xalqaro diplomlarga ega bo‘ladilar.

Umumta'lim muassasalarida faoliyatini boshlagan universitet bakalavriat bosqichi bitiruvchilariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi malaka toifasi, magistratura bitiruvchilariga birinchi malaka toifasi beriladi. Universitetning magistratura ta'lim bosqichi bitiruvchilari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining rahbar kadrlari zaxirasiga kiritiladi.

Universitetda o‘qitish O‘zbekiston Respublikasi davlat ta'lim standartlari talablarini inobatga olgan holda universitet va uning xorijiy hamkori tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Kadrlar tayyorlash kunduzgi, sirtqi, kechki, maxsus sirtqi va masofaviy ta'lim shakllari bo‘yicha o‘zbek, ingliz hamda boshqa tillarda amalga oshiriladi.

Universitet bitiruvchilariga uning xorijiy hamkor universitetlarining O‘zbekiston Respublikasida oliy ta'lim to‘g‘risidagi hujjati sifatida tan olinadigan xalqaro darajadagi yoki belgilangan namunadagi diplomi berilishi rejalashtirilgan. Bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari universitet tomonidan xorijiy hamkorlar bilan kelishilgan holda belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligiga universitet faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun eng yaxshi shartlarni taklif etgan potensial investorni tanlash hamda investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyat shartlarini belgilash huquqi berildi. Shu maqsadda mazkur vazirlik potensial investorlarni hamkorlikka chaqiradi hamda ulardan asoslangan takliflar kutib qoladi.

«Kadrlar salohiyati islohotlarning samaradorligi va muvaffaqiyatini belgilab beruvchi muhim omillardan biridir. Yangi universitet ta'lim tizimi uchun yuqori bilimli o‘qituvchilar va ta'lim tizimi uchun boshqaruv kadrlarini ilg‘or xorij o‘quv dasturlari yordamida tayyorlaydi. Aminmanki, yangi universitet mamlakatimiz ta'lim tizimida sifatni oshishiga o‘z hissasini qo‘shibgina qolmay, iqtisodiyotimiz uchun jahon yuqori standartlari asosida turli yo‘nalishlar bo‘yicha kadrlar tayyorlaydi hamda kelajakda yirik ta'lim va ilmiy izlanishlar markaziga aylanadi», – deya vazir Sherzod Shermatovdan iqtibos keltirmoqda XTV rasmiy sayti.

Top