17:59 / 23.06.2020
26149

Transport vazirligi: Faqat maxsus komissiya ruxsat bergan davlatlar bilan aviaqatnovlarni tiklash mumkin

Xalqaro aviareyslar masalasi bugungi kunda ko‘pchilikni o‘ylantirmoqda. Kimdir davolanish uchun, yana kimdir zarur ish bilan, yana kimdir esa ta'limni davom ettirish uchun xorijga jo‘nashga ehtiyoj sezadi. Umuman, zamonaviy dunyoda parvozlar taraqqiyotni ta'minlashda katta ahamiyat kasb etadi.

Kun.uz muxbiri Transport vazirligi matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov bilan koronavirus pandemiyasi tufayli to‘xtab qolgan aviaqatnovlarning tiklanish jarayoni haqida suhbatlashdi.

Respublika maxsus komissiyasi 15 iyundan xalqaro aviaqatnovlarga ruxsat berdi, lekin nega amalda hech qanday xalqaro aviaqatnovlar tashkillashtirilmadi?

– Darhaqiqat, Respublika maxsus komissiyasi 15 iyundan xalqaro aviaqatnovlarga ruxsat berdi. Biroq bu aynan shu kundan e'tiboran muntazam xalqaro aviaqatnovlar birdaniga tiklanishini anglatmaydi. Hozirgi kunda xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam parvozlarni tiklash va amalga oshirish davlatlarda kuzatilayotgan epidemiologik holat hamda xorijiy mamlakatlarda qo‘yilgan cheklov choralari, viza berish tartibi, sanitariya talablaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

Aynan shu jihatlardan kelib chiqqan holda Turkiya, Rossiya, BAA, Janubiy Koreya, Xitoy va Qozog‘iston davlatlari bilan iyul-avgust oylari davomida dastlabki bosqichda xalqaro yo‘nalishlarda paritet tamoyili asosida har bir tomondan muntazam parvozlarni tiklash bo‘yicha takliflar Respublika maxsus komissiyasiga taqdim etildi. Takliflar o‘rganilib, har bir davlatdagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda muntazam parvozlarni tiklash bo‘yicha qaror respublika maxsus komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.

– Karantin davridagi xalqaro parvozlar chog‘ida yo‘lovchilar joylashuvi bo‘yicha nizom ishlab chiqilganmi? Avval xabar berilgan «3 qatorlik cheklov», ya'ni uchtalik o‘rinlarda faqat bir kishi o‘tiradigan cheklovga amal qilinadimi?

– Respublika maxsus komissiyasi tomonidan karantin davrida mahalliy yo‘nalishlarda avia va temir yo‘l qatnovlarini yo‘lga qo‘yishning Vaqtinchalik tartibi tasdiqlangan bo‘lib, aviareyslar va poyezdlar qatnovi bugungi kunda ana shu tartibda belgilangan karantin qoidalariga to‘liq rioya etilgan holda tashkil etilmoqda (Bugungi kunda Vaqtinchalik tartibda belgilangan samolyot bortida yo‘lovchilarning joylashuvi bilan bog‘liq cheklov chorasi bekor qilingan).

Xalqaro aviaqatnovlar faoliyatini qayta tiklashda ham belgilangan karantin cheklovlariga qat'iy rioya etiladi. Sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan, yaxshilanayotgan hamda og‘ir sanitariya-epidemiologik vaziyat saqlanib qolayotgan davlatlardan kirib kelayotgan shaxslar aeroport hududida alohida-alohida tashilishi, joylashtirilishi va xizmat ko‘rsatilishi, shuningdek, havo kemalari har bir reysdan so‘ng to‘liq dezinfeksiya qilinishi ta'minlanadi.

– Dastlabki bosqichda umumiy reyslarning necha foizini tiklash rejalashtirilgan?

– Dastlabki bosqichda umumiy reyslarning aynan necha foizi qayta tiklanishi xorijiy davlatlardagi epidemiologik vaziyatga bog‘liq. Birinchi navbatda sanitariya-epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lib turgan davlatlarga muntazam reyslarni qayta tiklash ko‘zda tutilgan.

– Samolyotlar cheklovlar bilan uchirilishi o‘zini oqlaydimi, ya'ni Uzbekistan Airways chiptalari sotilmay qolish xavfi tug‘ilmaydimi?

– Bugungi pandemiya sharoitida fuqaro aviatsiyasi katta yo‘qotishlarga uchramoqda. Aviakompaniyalar uchun samolyotlar uchmasligi katta zarar keltiradi, albatta. Hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda aviakompaniyalar ko‘rilayotgan zarar miqdorini kamaytirish maqsadida turli choralarni ko‘rmoqda. Jumladan, yo‘lovchi samolyotlarini yuk tashuvlariga moslab qayta jihozlab, ushbu yo‘nalishda faoliyatni yo‘lga qo‘ymoqda. Xususan, Uzbekistan airways jamiyatining mavjud havo kemalari parkidan samarali foydalanish hisobiga xizmatlar eksporti va aviakompaniya daromadlarini oshirish maqsadida, 4ta «Boing-767» yo‘lovchi samolyotlari yuk tashishga moslashtirildi.

Parvozlar ayrim cheklovlar bilan amalga oshirilishi albatta ma'lum miqdorda moliyaviy yo‘qotishlarga sabab bo‘lishi tabiiy. Biroq cheklovlar bilan bo‘lsada muntazam qatnovlarning tiklanishi, aviatsiya bozorining biroz bo‘lsada tiklanishiga turtki beradi. Chiptalar sotilmay qolib ketishining oldini olish maqsadida birinchi navbatda yo‘lovchi oqimi katta bo‘lgan yo‘nalishlarda, paritet asosida qatnovlarni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.

Top