19:53 / 23.06.2020
2073
Wirecard kompaniyasi sobiq rahbari 1,9 mlrd yevro yo‘qolib qolganidan so‘ng hibsga olindi

Kompaniyaning buxgalteriya hisobotiga nisbatan shubha uyg‘onganidan so‘ng Wirecard aksiyalari qiymati uch kun ichida 86 foizga, 104,5 yevrodan 14,44 yevroga tushib ketdi.

Foto: AP

Germaniyaning Wirecard AG moliya kompaniyasi sobiq rahbari Markus Braun hibsga olindi, deb xabar berdi Deutsche Welle Myunxen prokuraturasiga asoslanib. 

Ma'lumot berilishicha, Braun kompaniya daromadlarini oshirib ko‘rsatish hamda investor va mijozlarga Wirecard jozibadorligini oshirish maqsadida ma'lumotlarni soxtalashtirishda gumon qilinmoqda. Prokuraturaning xabariga ko‘ra, 19 iyun kuni lavozimini tark etgan Braun 22 iyun kuni taslim bo‘lgan.

Avvalroq kompaniya o‘z hisobida deb hisoblab kelingan 1,9 mlrd yevro aslida hisobraqamida yo‘q ekanligini ma'lum qilgandi. 

Germaniyaning moliyaviy sektor ustidan nazorat bo‘yicha federal idorasi vaziyatni «sharmandalik» deb atagan.

«Bu ulkan halokat. Afsus, shunday holat sodir bo‘ldi», — dedi idora rahbari Feliks Xufeld Bloomberg agentligiga bergan intervyusida.

Kompaniyaning buxgalteriya hisobotiga nisbatan shubha uyg‘onganidan so‘ng Wirecard aksiyalari qiymati uch kun ichida 86 foizga, 104,5 yevrodan 14,44 yevroga tushib ketdi.

Top