18:29 / 24.06.2020
1801
2019 yilda turli idoralarning rahbarlariga yuborilgan 175ta deputatlik so‘roviga ularning o‘rinbosarlari javob qaytarishgani aytildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinovning aytishicha, 2019 yilda turli idoralarning rahbarlariga yuborilgan 175 ta deputatlik so‘roviga ularning o‘rinbosarlari javob qaytarishgan.

«Bugungi kunda parlament, deputat va senator so‘rovlarini yuborish bilan bog‘liq masalalar 8 ta qonun bilan tartibga solinmoqda.Ta'kidlash lozimki, deputat so‘rovi aynan mansabdor shaxs nomiga yuboriladigan hujjat bo‘lsada, afsuski o‘tgan davr mobaynida ushbu parlament nazorati shakliga mansabdor shaxslar yetarlicha e'tibor berishmagan.

Masalan, 2019 yilda jami 242 ta deputat so‘rovi muayyan idoraning birinchi shaxsi (rahbari) nomiga yuborilgan bo‘lsada, ularning 175 tasiga o‘rinbosarlar tomonidan, 13 tasiga quyi tashkilot rahbarlari va 2 tasiga umuman boshqa idora mansabdor shaxslari tomonidan javob xati berilgan», deya Jahongir Shironovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Deputat ta'kidlashicha, 2020 yilning yanvar oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi ta'sis yig‘ilishida xalq vakilining so‘roviga bunday bepisandlik prezident tomonidan keskin tanqid qilingan.

«Deputat so‘roviga javob xatini tegishli davlat organi rahbarining o‘zi tomonidan berilishini talab qilish – deputatlarning izzattalabligi deb baholanmasligi lozim. Chunonchi, deputat mansabdor shaxslarga, tegishli saylov okrugi saylovchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini ta'minlash bilan bog‘liq masalalar yuzasidan so‘rov yuboradi. Ya'ni har bir deputat so‘rovi ortida xalq manfaati yotadi.

Biroq, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, yuborilgan deputat so‘roviga tegishli mansabdor shaxsning o‘zi emas, balki quyi turuvchi lavozimlardagi boshqa shaxslar tomonidan javob berilishi natijasida, deputat so‘rovlariga javoblar sifatsiz, ko‘tarilgan masalaga yuzaki yondashuv hamda savollarga aniq javobning yo‘qligi kabi holatlar vujudga kelmoqda. Bu esa, avvalambor saylovchilar manfaatini ta'minlashga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda», deydi u.

Jahongir Shirinovning qayd etishicha, aksariyat mamlakatlarning qonunchiligida parlament yoki deputat so‘roviga javob bevosita mansabdor shaxs tomonidan berilishini nazarda tutuvchi normalar mavjud. Masalan, Rossiya, Gruziya, Tojikiston, Belarus qonunchiligida ana shunday normalar ko‘zda tutilgan.

«Yuqoridagilarga asosan, Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qonun loyihasi tashabbus qilinib, unda parlament, deputat va senator so‘roviga javob xati, so‘rov kimning nomiga yuborilgan bo‘lsa aynan o‘sha mansabdor shaxs tomonidan yoki uning vazifasini bajarish yuklatilgan shaxs tomonidan imzolanishi to‘g‘risidagi majburiy normani joriy qilish ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur taklifning hayotga tatbiq etilishi deputatlik so‘rovi samaradorligi va ahamiyatining oshishiga, uning natijasida saylovchilar manfaatini ta'minlash, pirovardida saylovchilarning deputatga bo‘lgan ishonchini ortishiga xizmat qiladi», deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi.

Top