19:53 / 24.06.2020
2167
Bojxonachilar jami 1,1 milliard so‘mlik dori vositalarining noqonuniy sotuviga chek qo‘yishdi

Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bosh boshqarmasi xodimlari Toshkent shahrida dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazishdi.

Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati Kun.uz’ga xabar berishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro L.H. umumiy qiymati 54,8 million so‘mlik 783 quti «Azaleptol Klozapin» dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.

Shundan so‘ng, tezkor tadbir huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar bilan hamkorlikda Termiz shahrida davom ettirilib, tadbir davomida fuqaro X.X. umumiy qiymati 46,8 million so‘mlik 810 quti «Azaleptol Klozapin» nomli dori vositalarini noqonuniy tarzda pullayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Shundan so‘ng fuqaro X.X.ning yashash xonadoni ham xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

Natijada, ushbu shaxs o‘z xonadonida umumiy qiymati 998,2 million so‘mlik sifati kafolatlanmagan dori vositalarini saqlab kelayotgani aniqlangan.

Yana bir holatda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida sifati kafolatlanmagan 1500 quti «Ambrobene» va 300 quti «Xilak Forte» dori vositalarini fuqaro Sh.Sh. 53,4 million so‘mga noqonuniy tarzda shartli xaridorga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Tezkor tadbir davomida jami 1,1 milliard so‘mlik dori vositalari va tibbiy buyumlar qonunbuzardan ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

«Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda», deyiladi qo‘mita xabarida.

Top