21:39 / 24.06.2020
31776
Dunyodagi vaziyat: deksametazonga yuqori talab va Lotin Amerikasida 100 mingdan oshiq o‘lim

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusga chalingan og‘ir ahvoldagi bemorlarni davolashda samarali bo‘lgan deksametazon dorisini ishlab chiqarish hajmini oshirishga chaqirdi. 

Tashkilot rahbari Tedros Adxanom Gebreyyesus Oksford universiteti olimlarining ushbu doridan foydalanish ustunliklari haqidagi tadqiqoti e'lon qilinishi ortidan preparatga bo‘lgan talab keskin oshganini ta'kidladi.

Deksametazon og‘ir ahvoldagi bemorlar orasidagi o‘limni kamaytirgan / EPA

Klinik sinov davrida statsionarlardagi 2 mingga yaqin bemor deksametazon vositasida davolangan. Ma'lum bo‘lishicha, sun'iy nafas oldirish apparatiga ulangan bemorlarda deksametazon qo‘llanishi orqali o‘lim ko‘rsatkichi 40 foizdan 28 foizga tushgan, esktrokorporal membrana oksigenatsiya apparatiga (qonga kislorod yetkazib beradi) ulab qo‘yilgan bemorlarda esa 25 foizdan 20 foizga pasayish kuzatilgan.

«Biz uchun navbatdagi sinov ishlab chiqarish hajmini oshirish va deksametazonni dunyo bo‘ylab tez va adolatli taqsimlashdir, preparat birinchi navbatda o‘ta zarur hududlarga yetkazilishi kerak», degan JSST rahbari.

Deksametazon yallig‘lanishga qarshi ta'sir xususiyatiga ega. JSST ushbu preparatni faqat og‘ir ahvoldagi va tibbiyotchilar nazorati ostidagi bemorlarga qo‘llashni tavsiya etmoqda.

  • Deksametazon bu — o‘tgan asrning 60-yillaridan beri yallig‘lanishga qarshi vosita sifatida foydalanib kelinadigan steroid. U onkologiyada ham qo‘llaniladi. Tashkilotning qayd etishicha, ushbu dori vositasining ijobiy ta'siri faqat kasallikning og‘ir bosqichida bo‘lgan bemorlarda kuzatilgan.

Lotin Amerikasidagi o‘lim darajasi
Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlarida Covid-19 qurboni bo‘lganlar soni 100 mingdan oshdi.

Foto: EPA/Vostock-photo

O‘limlarning yarmi Braziliya hissasiga to‘g‘ri keladi, bu mamlakat koronavirusdan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha faqat AQShdan ortda qolmoqda.

Meksikada 23 mingdan ortiq kishi kasallikdan vafot etgan. Qo‘shni davlatlardan farqli o‘laroq, Braziliya va Meksika davlatlari qat'iy karantin choralari qo‘llamaslikka qaror qilgandi. Shuningdek, Peru va Chili ham ko‘p qurbon berdi - mos ravishda 8,4 ming va 4,5 ming o‘lim.

Lotin Amerikasida yangi kasallanish holatlari o‘sishi AQSh va Yevropadagi tempdan ham yuqoriroq. Ekspertlarning baholashicha, mintaqadagi aksar davlatlarda pandemiya hali eng yuqori nuqtasidan o‘tib bo‘lmadi.

Nyu-Dehlida kasallik yana avj olmoqda
Hindiston poytaxtida ahvol yana og‘irlashgan - so‘nggi bir kunda bu shaharda qariyb 4 ming yangi holat aniqlangan va bu pandemiya davridagi eng yuqori kunlik o‘sish ko‘rsatkichidir. Dehlida pandemiya boshlanganidan buyon 66 mingdan ortiq kishida Covid-19 aniqlangan, bundan yuqoriroq ko‘rsatkich faqat Mumbayda qayd etilgan.

Foto: EPA/Vostock-photo

Shahardagi holatlarning ko‘pchiligining yuqtirish manbasi noma'lum, hukumat kasallanganlarning harakatini yanada sinchkovlik bilan o‘rganish va kontaktlarni aniqlashni va'da qilgan.

Hindiston may oyi oxirida karantin choralarini yumshatgan, ammo kasallik tarqalishi tezligi yuqoriligicha qolgan. Mamlakatda shu vaqtgacha 440 mingdan ortiq zararlanish holati qayd etilgan, 14,4 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Eronda ikkinchi to‘lqin

Eron sog‘liqni saqlash vaziri koronavirus tarqalishi oldini olish uchun mamlakat aholisini niqob taqib yurishga chaqirdi. 

«Shunday qilishimiz kerakki, niqob taqish majburiy bo‘lsin... Agar biz niqobdan foydalansak, virus tarqalishini sekinlashtiramiz», degan vazir Alirizo Raisiy.

24 iyun kuni Eronda 133 kishi virus qurboni bo‘ldi, bu 6 apreldan buyon eng yuqori kunlik o‘sishdir. Bundan tashqari, so‘nggi olti kunda kunlik o‘limlar soni yuzdan ko‘p bo‘lmoqda. Mamlakatda shu vaqtgacha 212 mingdan ortiq kishi koronavirusdan zararlangan va qariyb 10 ming kishi vafot etgan.

YeI va Maldiv orollari sayyohlar uchun ochilmoqda, Nyu-Yorkda ham sohilda cho‘milishga ruxsat berildi
15 iyul kunidan Maldiv orollari sayyohlar uchun ochiladi. Bu haqda mamlakat prezidenti Ibrohim Solih ma'lum qildi. Xorijlik mehmonlarga orolga kelgach koronavirusga test topshirishi majburiy bo‘lmaydi.

Turizm Maldiv uchun asosiy daromad manbayi hisoblanadi. Mart oyidan beri pandemiya tufayli xalqaro aviaqatnovlar to‘xtatilgan. Shu vaqtgacha orol aholisi orasida 2200 kishida koronavirus aniqlangan.

Turizm Maldivning asosiy daromad manbayi / SCIENCE PHOTO LIBRARY

Yevropa ittifoqi chegaralarni 1 iyuldan ochishni muhokama qilmoqda, faqat epidemiologik vaziyat og‘ir bo‘lib turgan davlatlarga ruxsat berilmaydi. Xususan, ro‘yxatda AQSh va Rossiya yo‘q.

YeI «oq ro‘yxat»ning ikki versiyasini tuzgan. Birinchi ro‘yxatdan koronavirus yuqtirish ko‘rsatkichi YeIdagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan past bo‘lgan 47 davlat o‘rin olgan. Ikkinchi ro‘yxatga koronavirus yuqtirish ko‘rsatkichi YeIdagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan sal yuqori bo‘lgan 54 mamlakat kiritilgan.

Nyu-Yorkda 1 iyuldan yana sohilbo‘yida cho‘milish mumkin bo‘ladi. Bu haqda shahar meri Bill de Blazio ma'lum qilgan.

«Keling, ehtiyotkorlikka, ijtimoiy masofa saqlashga amal qilaylik, sohilda ham niqob taqib yuraylik», deya yozgan u. Shahardagi plyajlar 25 maydan buyon ochiq, ammo haligacha cho‘milishga ruxsat berilmagandi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top