00:21 / 24.06.2020
27512
Kattaqo‘rg‘on shahri va Sariosiyo tumaniga kuchli shamol yopirildi: ko‘plab binolar talafot ko‘rgan

23 iyun, seshanba kuni Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahri va Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida kuchli shamol kuzatilib, bir necha o‘nlab binolarga talafot yetdi.

Foto: Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi

23 iyun kuni soat 17:00 atrofida Kattaqo‘rg‘on shahrida kuchli shamol yopirilgan.

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmatining Kun.uz`ga ma'lum qilishicha, shamol oqibatida shahardagi 6ta tashkilot va korxonaga tegishli obektlarning, shuningdek, 6ta ko‘p qavatli binolarning tom qismi shikastlangan.

Aholi orasida tabiiy ofatdan jabrlanganlar yo‘q.

Foto: Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi

Ayrim hududlarda daraxtlar ham qo‘porilib, avtomobil yo‘liga qulagan. Shuningdek, bir necha simyog‘ochlar qulab, elektr ta'minoti ishdan chiqqani sababli shaharning ayrim hududlarida elektr energiyasi va suv  ta'minoti uzilgan.

Hodisa oqibatlarini bartaraf etish uchun uchta favqulodda vaziyatlar bo‘limi ekipaji yetib kelgan. Bir necha soat o‘tib, elektr energiyasi ta'minoti tiklangan. Ichimlik suvi ta'minoti esa 24 iyun kuni ertalabdan tiklanishi e'lon qilingan.

Foto: Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi
Foto: Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi

Talafot ko‘lamini aniqlash va bartaraf etish yuzasidan shahar hokimi Gavhar Alimova rahbarligida ishchi guruh zararlangan obektlarga yetib borgan.

Shuningdek, 23 iyun kuni Surxondaryoning Sariosiyo tumanida ham kuchli shamol oqibatida qator binolar talafot ko‘rgan.

Xususan, tumandagi Xonjiza mahallasida 20dan ortiq aholi xonadonlarining tom qismini kuchli dovul uchirib yuborgan. Tabiiy ofatdan tumandagi 85-umumta'lim maktabi tom qismi ham jiddiy zararlangan.

Top