22:59 / 24.06.2020
1697
Sud mustaqilligiga daxl qilish bilan bog‘liq har qanday holat yuzasidan tezkor xabar berish tizimi yaratilishi mumkin

Sud mustaqilligiga daxl qilish bilan bog‘liq har qanday holat yuzasidan sudya tomonidan bevosita va tezkor xabar berish tizimi yaratilishi mumkin. Bu yangilik «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri loyihasida ko‘zda tutilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmatining xabar berishicha, «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri loyihasida quyidagi yangiliklar ko‘zda tutilmoqda:

  • sudlar raislarining sudyalar faoliyatini baholash, ularga nisbatan intizomiy ish qo‘zg‘atishdagi ishtirokini qayta ko‘rib chiqish;
  • sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish haqidagi qaror ustidan shikoyat qilish mexanizmini takomillashtirish;
  • sudyalarning vakolatlarini to‘xtatib turish hamda tugatish asoslari va tartibini xalqaro standartlarga moslashtirish;
  • sudyalarning maqomini belgilovchi normalarni takomillashtirish va iste'fodagi sudyaning huquqiy maqomini belgilash;
  • sudyalarni rotatsiya qilishning aniq va shaffof mexanizmini joriy etish;
  • sudlar faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini tizimlashtirish;
  • sud mustaqilligiga daxl qilish bilan bog‘liq har qanday holat yuzasidan sudya tomonidan bevosita va tezkor xabar berish imkoniyatini ko‘zda tutuvchi tizimni yaratish, ushbu masalalarni qonunosti hujjatlari bilan tartibga solish tartibini bekor qilish nazarda tutilishi belgilangan.

«Qayd etish kerakki, amaldagi «Sudlar to‘g‘risida»gi qonun ana shu masalalarni tartibga solish nuqtai nazaridan takomillashtirishga muhtoj edi. Hozirgi shiddatli davr talabi va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoyasini ta'minlash, sudning tom ma'noda «Adolat qo‘rg‘oni»ga aylanishi yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.

Bugungi kunda xalqimiz kutayotgan adolatli qarorlar qabul qilishga har tomonlama qodir, irodasi mustahkam, yuksak kasb va ma'naviy fazilatlarga ega bo‘lgan sud xodimlari tarkibini shakllantirish eng muhim vazifa bo‘lib qolmoqda. Ushbu vazifalarning amalga oshirilishi sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta'minlashga xizmat qiladi.

Shu sababli ayni sohada Davlat dasturida belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi sudlardagi ish hajmini maqbullashtirishga va odil sudlov sohasidagi zamonaviy talablar va xalqaro standartlarni hisobga olgan holda mamlakatimiz sud tizimini takomillashtirishga, jamiyatimizda adolat, haqiqat va qonun ustuvorligini to‘la ta'minlashga erishishga xizmat qiladi»,  – deydi Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov.

Qayd etilishicha, «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq To‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarda tizimlashtirilishi va unifikatsiya qilinishi lozim bo‘lgan qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha yo‘l xaritasida belgilangan vazifalar ijrosini 2020 yil oktabr oyiga qadar ta'minlash belgilangan. «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahriri loyihasini tayyorlash ham shular sirasidandir.

Top