19:41 / 24.06.2020
7438

«Toshkent viloyatida aholi muammolarini bartaraf etish bo‘yicha aksariyat hollarda tegishli tashkilotlarga xat chiqarish bilan cheklanib qolingan» – Senat

Toshkent viloyatida aholi muammolarini bartaraf etish bo‘yicha aksariyat hollarda tegishli idora va tashkilotlarga xat chiqarish bilan cheklanib qolingan. Bu haqda 23 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Senat kengashining videokonferensaloqa tarzida majlisida so‘z borgan.

Foto: Senat

Parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Narbayeva olib borgan ushbu majlisda Toshkent viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal etish, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash masalalari muhokama qilinib, sektorlar rahbarlarining bu borada amalga oshirgan ishlari to‘g‘risida hisobotlari eshitilgan.

Qayd etilishicha, joriy yil 16-18 iyun kunlari Senat ishchi guruhi tomonidan Toshkent viloyati sektorlari rahbarlariga biriktirilgan hududlardan tanlov asosida bittadan tuman (shahar) – Olmaliq shahri, Ohangaron, Parkent va Chinoz tumanlarida sektorlar faoliyati o‘rganib chiqildi. Ishchi guruh tomonidan o‘rganish davomida hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ko‘rsatkichlari tahlil qilingan.

O‘rganish davomida viloyatdagi ayrim sektorlar faoliyati samarali tashkil etilmaganligi, bu boradagi ishlar hali to‘liq tizimli yo‘lga qo‘yilmaganligini aniqlangan. Jumladan, ayrim sektorlarda tasdiqlangan «Yo‘l xaritalari» aholi muammolaridan kelib chiqqan holda emas, balki investitsiya dasturlaridan o‘rin olgan chora-tadbirlarni ko‘chirib qo‘yish orqali shakllantirilgan.

Qolaversa, ba'zi «Yo‘l xaritalari» ijrosi to‘liq ta'minlanmagan, ularning bajarilishi bo‘yicha tizimli monitoring yo‘lga qo‘yilmagan, aholi muammolarini bartaraf etish bo‘yicha aksariyat hollarda tegishli idora va tashkilotlarga xat chiqarish bilan cheklanib qolingan.

Ehtiyojmand oilalarni kambag‘allikdan chiqarishda asosiy e'tibor ularga oziq-ovqat mahsulotlari berishga qaratilmoqda. Vaholanki, ularni doimiy ishga joylashtirish orqali o‘z daromad manbaiga ega bo‘lishlariga erishish maqsadga muvofiq. Xususan, Chinoz tumanining 2-sektorida aholini kambag‘allikdan chiqarish ishlariga mutlaqo qoniqarsiz yondashilmoqda. Masalan, sektorda tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan 2020 yil 12 iyun kuni hududdagi «Bunyodkor» mahallasida yashovchi 32 nafar ehtiyojmand oiladan 24 tasini ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha dalolatnomalar tuzilgan, ammo ularning tahlili ayni damda ushbu oilalarning barchasini ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘ri emasligini ko‘rsatmoqda.

Yana bir jihat, viloyatda «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati doirasida ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam ko‘rsatishda ijtimoiy tenglik tamoyiliga amal qilinmayapti. Masalan, Chinoz tumanining 3-sektori rahbari tomonidan 2020 yil 23 mayda 13 nafar oila a'zosi bo‘lgan xonadonga 50 ming so‘mlik oziq-ovqat mahsuloti berilgan bo‘lsa, 24 may kuni a'zolar soni 2 nafar bo‘lgan oilaga 350 ming so‘mlik oziq-ovqat mahsuloti taqdim etilgan.

Bundan tashqari, majlisda uyma-uy yurish orqali aholi muammolarini aniqlash hamda hal etish ishlari muntazam ravishda olib borilmagani, koronavirus pandemiyasi davrida ehtiyojmand aholi vakillarini ishga joylashtirish masalasiga yuzaki yondashish holatlari mavjudligi, qolaversa, sektorlar tomonidan fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ularda ko‘tarilgan muammolarni hal etishga ko‘maklashish ishlari ham talabga javob bermasligi ta'kidlandi.

Shu bilan birga, huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi bois jinoyatchilik Olmaliq shahrining 3-sektori hududida joriy yilning besh oyi davomida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 42 foiz, 4-sektori hududida 75 foiz, Parkent tumanining 4-sektori hududida 33 foizga oshgani qayd etilgan.

Majlisda sektorlar rahbarlarining viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini qiynab kelayotgan muammolarni hal etish, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash borasida hisobotlari tinglanib, mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senati kengashining qarori qabul qilingan.

Top