17:31 / 24.06.2020
5754
Yapon choylari va an'anaviy choy marosimlari haqida nimalarni bilasiz?

Ko‘k choy va yapon choyi – bular xuddi bir-biri bilan ma'nodoshdek eshitiladi. Ko‘k choyga Yaponiyada eng ommabop ichimlik va qadriyatlar bo‘lagi sifatida qaraladi, yana uni sog‘likka ham foydali deb bilishadi. Ovqatdan keyin dasturxonda yangi damlangan ko‘k choy bo‘lishi kunchiqar yurtda odatiy holga aylangan.

Foto: Just One Cookbook

Yaponiyada choy yetishtirish, uni quritish va boshqa jarayonlarning turlicha bajarilishi yoki choyning ta'mi, rangi, mazasi, hidiga qarab, turlari farqlanadi.

Sencha 煎茶

Sencha – Yaponiyada eng ko‘p iste'mol qilinadigan choy turi. U faqat yosh choy barglaridan tayyorlanadi. Choy barglari terib olinib, yuvib, bug‘lanib, so‘ngra quritiladi.

Foto: Just One Cookbook

Kislorod va shirin ta'mning balansini to‘g‘ri saqlash orqali sencha hamma uchun sevimli choy naviga aylanadi.

Matcha 抹茶

Foto: Just One Cookbook

O‘zining yam-yashilligi bilan ajralib turadigan matcha choyi soyada o‘stiriladi. Buning bilan choyda kofein miqdori va tabiiy mazani oshirish maqsad qilinadi. Hosili terib olingach, matcha kukun holiga keltiriladi va yapon choy marosimlarining asosiy ishtirokchisiga aylanadi.

Ayni paytda ham nozik rangi tufayli matcha navli choy zamonaviy yapon oshxonalaridagi asosiy ichimliklardan biri bo‘lib qolmoqda.

Gyokuro 玉露

Foto: Just One Cookbook

Gyokuro ham xuddi matcha singari soyada o‘stiriladi va qop-qora rangli yaproqlardan iborat bo‘lib yetishadi. Buning bilan choyda o‘ziga xos xushbo‘y ta'm va hid paydo bo‘ladi.

Hojicha 焙じ茶

Foto: Just One Cookbook

Hojicha qovuriladigan choy navi hisoblanadi. Uning barglari och jigarrang bo‘ladi. Hojichani yengil ta'mi uchun quyuq kechki ovqatdan keyin iste'mol qilishni xush ko‘rishadi.

Ko‘k choy foydalari haqida

O‘tkazilgan turli tadqiqotlar ko‘k choyning yuqori qon bosimini pasaytirishini, saraton va yurak kasalliklarida foydali ekanligini isbotlagan.

Foto: arigotajapan.co.jp

Doimiy ravishda ko‘k choy ichib turish yurak kasalliklaridan himoya qiladi.

Bundan tashqari, ko‘k choy miya faoliyatining ham yaxshi ishlashiga yordam beradi. Shuningdek, ko‘k choyning asabni tinchlantirish xususiyati va diabet xavfini kamaytirishi ham olimlar tomonidan o‘rganilgan.

Choy marosimlari

Yapon choy damlash marosimi haqida eshitmagan odam bo‘lmasa kerak. Bu alohida choy damlash xonasida uyushtiriladigan an'ana bo‘lib, uni tashkillashtirishdan asosiy maqsad – mehmonga iltifot ko‘rsatish va uni odatiy hayotidan ozgina bo‘lsa-da, farqli muhitni his qilishiga yordam berishdan iborat bo‘lgan.

Foto: japan-guide.com

Hozirgi kunda choy marosimlari hobbi va turistlarni kutib olishning bir vositasiga aylangan. Bunday marosimlar an'anaviy yapon bog‘larida, mehmonxonalarda yoki choy madaniyati markazlarida tashkillashtiriladi.

Odatda, rasmiy choy marosimlari bir piyola achchiq va bir piyola yengil damlangan choyni ichish bilan yakunlanadi.

Marosimda qatnashish uchun, eng avvalo, unga mos kiyim tanlash kerak. Bunda juda zamonaviy va tez ko‘zga tashlanadigan emas, kamtarin va taqinchoqlardan xoli kiyim tanlash maqsadga muvofiq deb qaraladi.

Odatda, choy marosimi bog‘lar yoki bog‘ bilan qoplangan binolarda o‘tkaziladi. Bu muhit odamning ruhiy holatini barqarorlashtirish uchun ham tanlangan. Marosim o‘tadigan xonaga kiraverishda quduq o‘rnatilgan bo‘ladi va kelgan mehmonlar undan qo‘llarini yuvib, keyin ichkariga kirishadi.

Foto: japan-guide.com

Choy marosimi o‘tadigan xonani «Tatami xonasi» deb atashadi. Xonaga kirish eshigi esa past qilib ishlanadi, xonaga egilib kiradigan mehmon o‘zi tashrif buyurgan xonadonga hurmat ifoda etadi, deb hisoblanadi.

Foto: japan-guide.com

Xona turli mavsumiy gullar bilan bezatiladi. Mehmonlar xonaga kirgach bezaklarni ko‘zdan kechirishdan oldin yana bir bor ta'zim qilishadi.

Foto: alimentarium.org

Mehmon odatda choyni mezbonning yonida tayyorlaydi. Asosiy asboblar – choy aralashtirgich, choy konteyner va shunga o‘xshash kerakli buyumlardan iborat bo‘ladi. Buyumlarning har biri o‘z vazifasiga qarab did bilan joylashtiriladi.

Foto: peninsula.com

Yaponcha shirinlik marosimda choydan oldin yeb olinadi.

Yapon shirinligi va yengil qilib damlangan choy
Foto: japan-guide.com

Choy piyolaga suzilgach, idish «tatami» to‘shagi ustiga, mehmonning yoniga qo‘yiladi. Piyolani o‘ng qo‘l bilan olish va chap kaftning ustiga qo‘yish kerak. So‘ngra choydan bir necha kultum ichib, uni yana yerga, tatami to‘shagining ustiga qo‘yish kerak.

Choy ichib bo‘lgach esa mehmonga minnatdorchilik bildirish lozim bo‘ladi.

Piyolani qo‘lda tutish
Foto: japan-guide.com
Top