20:33 / 24.06.2020
17628
YeI «oq ro‘yxat»dagi davlatlarga chegaralarini ochmoqchi. Ro‘yxatda AQSh va Rossiya yo‘q

Yevroittifoq davlatlar «oq ro‘yxati»ni tuzgan. Ro‘yxat har 14 kunda yangilab boriladi.

Foto: Bernat Armangue/Associated Press

Yevroittifoq 1 iyuldan tashqi chegaralarini ochishni rejalashtirgan mamlakatlar ro‘yxatiga Rossiya, AQSh va Braziliya kiritilmadi. Bu haqda The New York Times xabar berdi.  

Nashrning ma'lumot berishicha, Yevroittifoq davlatlar «oq ro‘yxati»ning ikkita versiyasini tuzgan. Birinchi ro‘yxatdan koronavirus yuqtirish ko‘rsatkichi YeIdagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan past bo‘lgan 47 davlat o‘rin olgan. Ikkinchi ro‘yxatga koronavirus yuqtirish ko‘rsatkichi YeIdagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan sal yuqori bo‘lgan 54 mamlakat kiritilgan.

Rossiya, AQSh va Braziliya har ikki ro‘yxatda ham yo‘q (Xitoy, Kuba va Uganda esa bor). 

Shu bilan birga, Yevropa kasalliklar profilaktikasi va nazorat markazi Bryusselni ayrim mamlakatlardagi ma'lumotlarning to‘g‘riligini tekshirish qiyinligidan ogohlantirdi.  

Qayd etilishicha, «oq ro‘yxat»ning yakuniy versiyasi kelasi hafta boshida e'lon qilinadi, so‘ngra har 14 kunda yangilab boriladi.  

Yevroittifoqning tashqi chegaralari mart oyi o‘rtalaridan beri yopiq. Ittifoq hududiga faqat uning tarkibiga kiruvchi mamlakatlar fuqarolari hamda alohida toifadagi shaxslar kirishi mumkin. Yevroittifoqning ichki chegaralari may oyi o‘rtalaridan ochila boshladi. 

Top