15:14 / 25.06.2020
4762
1 milliard so‘mlik uyali telefonlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi

Tovar moddiy boyliklarini noqonuniy aylanmasiga qarshi bojxona organlari tomonidan tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.

Xususan, Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari Toshloq tumanida tezkor tadbir o‘tkazishdi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Tadbir davomida “Vodil-Toshloq” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan fuqaro X.A. boshqaruvidagi “Neksiya-3” rusumli avtomashina to‘xtatilib, o‘rnatilgan tartibda xolislar ishtirokida tekshiruvdan o‘tkazildi.

Natijada, avtomashina yukxonasida tegishli hujjatlari bo‘lmagan umumiy qiymati 331 million so‘mlik 170 dona uyali telefonlar borligi ma'lum bo‘ldi.

Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, fuqaro N.X.ning yashash xonadoni ham o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Tekshiruv davomida ushbu shaxs o‘z yashash uyida umumiy qiymati 718 million so‘mlik 400 dona uyali telefonlarni noqonuniy ravishda saqlab kelayotgani aniqlandi.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida, umumiy qiymati 1 mlrd. 49 million so‘mlik, jami 7 turdagi 570 dona uyali aloqa vositalari ashyoviy dalil tariqasida olib qo‘yildi.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

 

Top