22:42 / 25.06.2020
4568

AQSh hukumati Julian Assanjga yangi ayblov bildirdi

AQSh hukumati WikiLeaks sayti asoschisi Julian Assanjga xakerlarni yollash bo‘yicha yangi ayblov bildirdi.

Foto: RIA Novosti

AQSh adliya vazirligining xabar berishicha, yangi ayblov Assanjga 2019 yil mayida bildirilgan avvalgi ayblovga qo‘shimcha bandlar qo‘shmaydi. Biroq u Assanj ayblanayotgan kompyuter orqali buzib kirish bo‘yicha til biriktirish ko‘lamini kengaytiradi.

“Hujjatga ko‘ra, Assanj va WikiLeaks’ning boshqa xodimlari WikiLeaks uchun maxfiy axborotni topa oladigan xakerlarni yollashgan”, deyilgan xabarda. 

Ta'kidlanishicha, Assanj 2012 yilda LulzSec xakerlik guruhi yetakchisi bilan shaxsan gaplashib, unga buzib kirish kerak bo‘lgan nishonlar ro‘yxatini taqdim qilgan. Keyinroq u Markaziy razvedka boshqarmasi, Milliy xavfsizlik agentligi va New York Times nashri ma'lumotlarining o‘g‘irlanishi eng samarali xakerlik hujumlari bo‘lishini ta'kidlab o‘tgan.

48 yoshli Assanj 2019 yilda Londonda hibsga olingan. Ayni vaqtda Britaniya sudi uning AQShga topshirilishi bo‘yicha ishni ko‘rib chiqmoqda.

Top