09:33 / 25.06.2020
13928
Bor otangga, bor onangga... yoxud Oliy sud o‘z manfaati yo‘lida fuqaroni sarson qilishda davom etmoqda

Kun.uz saytida tergov va sud idoralarining noqonuniy qarorlari hamda hukmlari sabab beayb fuqaroning yashab turgan uyi tortib olingani va unga bugungi kunda Oliy sud egalik qilib kelayotgani yoritilgandi. Oliy sud Rayosati shu yil 7 mayda qabul qilgan qaror esa fuqaroning qariyb 9 yillik sarson-sargardonligini qaytadan boshlab berdi.

Rustam Kamalovga otasidan meros bo‘lib qolgan, Toshkent shahrining Yunusobod tumani 19-mavzesida joylashgan 32-uydagi 48-xonadon tergov organining asossiz xatlovi va sudning noqonuniy hukmiga binoan, 2009 yilda davlat egaligiga o‘tkaziladi. 2011 yili auksion savdosiga qo‘yilgach, uni Oliy sud mahkamasi 58 million 500 ming so‘mga sotib olgan. Oila a'zolari haydab chiqarilgandan so‘ng bu kvartira Oliy sud xodimlariga xizmat uyi sifatida berilgan. R.Kamalovning esa shu vaqtgacha adolat istab bormagan idorasi qolmadi.

Nihoyat, 2018 yil 26 yanvarda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi bu mojaroni kassatsiya bosqichida ko‘rib chiqadi. Shu asno quyi sud hukmini noqonuniy deb topadi va fuqaroga uyini qaytarish to‘g‘risida ajrim chiqaradi. Biroq..

«Aybing shu uy seniki bo‘lgani»

Oradan ko‘p o‘tmay g‘alati voqea ro‘y beradi. O‘sha ajrim Oliy sud mahkamasining xo‘jalik bo‘limi mudiri, aniqrog‘i, alohida yuridik shaxs hisoblanmagan, tashkilot tarkibiy tuzilmasidagi bo‘lim xodimi imi-jimida kiritgan shikoyat asosida Oliy sudda nazorat tartibida ko‘rib chiqildi. Pirovardida R.Kamalovga uyning hozirgi kundagi bahosidan 8-9 barobar kam miqdorda pul qaytarilishi lozim deb topiladi.

Tabiiyki, R.Kamalov yana o‘z haq-huquqlarini talab qilib, tegishli idoralarga tinimsiz murojaatlar yo‘llay boshladi. Ammo Oliy sud rahbariyati tomonidan sud qarorlarini o‘zgartirish yoki bekor qilish uchun asoslar mavjud emas deb topilgani sababli har safar unga shikoyatlari qanoatlantirilmay qoldirilgani haqida ma'lum qilindi.

Oliy sud nohaq, uy egasiga qaytarilishi shart!

Keyinchalik masalaga Senatning sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi B.Matmuratov xolisona munosabat bildirdi. U R.Kamalovga nisbatan Oliy sud tomonidan adolatsizlik qilinganini ro‘y-rost e'tirof etdi. O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi ham Oliy sud qator qonun normalariga rioya qilmaganini ta'kidlab, ish bo‘yicha odilona qaror qabul qilinishida amaliy yordam ko‘rsatishni so‘rab, Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev nomiga iltimosnoma kiritdi.

Shuningdek, Toshkent Davlat yuridik universitetining Fuqarolik huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori Qambariddin Mehmonov muammoga nazariy jihatdan yondashdi. Fuqarolik kodeksining 985-moddasi birinchi qismiga ko‘ra, g‘ayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zarar uni yetkazgan shaxs tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozimligi, modomiki, tergov va sud organlarining noqonuniy qarorlari (harakatlari) oqibatida fuqaro R.Kamalovga zarar yetkazilgan ekan, u to‘liq xajmda qoplanishi shartligini eslatdi.

Ishda burilish bo‘lgandek tuyuldi, ammo...

Oliy sudning Kamalovlar oilasiga nisbatan nohaqliklari bir muddat jamoatchilik diqqat markazida bo‘ldi-yu, keyin unutildi. Shu bois, joriy yilning 19 iyunida Kun.uz sayti sahifalarida murojaat asosida tayyorlangan dastlabki maqola qayta yoritildi. Bunga javoban Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov tahririyat bilan bog‘lanib, ushbu masala allaqachon ijobiy yechim topgani, Oliy sud xodimlari kvartirani tark etishgani, uni asl egasiga qaytarish to‘g‘risida sud qarori chiqqani, hozir uyni topshirish bo‘yicha zarur hujjatlar rasmiylashtirilayotganini ma'lum qildi. Ammo biz Rustam Kamalov bilan bog‘langanimizda, u bunday «yangilik»dan mutlaqo bexabar ekanligini aytdi. 22 iyun kuni esa Oliy sudga borib, kvartira taqdiriga oid qarordan nusxa berishlarini so‘radi. Uni olgach, badtar taajjubga tushdi. Chunki bu hujjat Oliy sud Rayosati tomonidan 2020 yil 7 mayda qabul qilingan ekan. Demak, oradan salkam yetti hafta o‘tgan. Shunga qaramay, qaror nusxasi bevosita manfaatdor tomonga yetkazilmagan, jilla qursa, uning mazmuni haqida biror-bir ma'lumot berilmagan!

Ishonchimiz komilki, saytimizda maqola qayta e'lon qilinmaganda bu haqda hech kim eslamagan ham bo‘lardi, chunki fuqaroga shu yil 10 iyun sanasida Oliy sud sudyasi R.Orziqulovning imzosi bilan yuborilgan 198-t/20-sonli javob xatida Rayosat qarori haqida lom-mim deyilmagan. Aksincha, mazkur javob xatida murojaat mazmuniga umuman aloqasi bo‘lmagan gaplar bitilgan.

Olarda kirar jonim, berarda chiqar jonim... mi?

Eng afsuslanarlisi, Oliy sud Rayosatining bu qarori bilan hech narsa o‘zgarmadi. Aksincha, nohaqlik qurboni bo‘lib, qariyb 10 yillik umri sarson-sargardonlikda o‘tayotgan fuqaroga nisbatan yana bir bor adolatsizlik qilindi.

Darvoqe, ushbu hujjatga ko‘ra, JIB Toshkent viloyati sudining 2018 yil 26 yanvardagi R.Kamalov foydasiga chiqarilgan va Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'atining 2018 yil 20 sentyabrdagi R.Kamalovga uy o‘rniga 58 million 500 ming so‘m berish to‘g‘risidagi ajrimlari bekor qilingan. Shuningdek, manfaatdor tomonlar xonadon yoki uning qiymati qaytarilishi masalasida fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqiga ega ekanligi tushuntirilgan.

Rustam Kamalov qaror nusxasini tahririyatga taqdim etgach, biz uning mazmuni yuzasidan tushuntirish olish niyatida Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovga qayta ulandik. Afsus, u voqea tafsilotlaridan bexabar shekilli, tayinli javob bera olmadi.

Ko‘rib turganingizdek, Rayosat qarori mazmuni matbuot xizmati rahbari avvalroq bergan izohning mutlaqo teskarisi bo‘lib chiqmoqda. Oliy sud birovning burnini qonatish evaziga ega bo‘lgan kvartiraga bunchalik yopishib olgani, uni qonuniy egasiga qaytargisi kelmayotgani xalqimizning «Olarda kirar jonim, berarda chiqar jonim» degan naqlini yodga solmoqda. Bundan qat'i nazar, Oliy sud Rayosati R.Kamalovning turarjoyi asossiz tortib olinganini e'tirof etmoqda. Shunday ekan, nima uchun u to‘la vakolati bo‘la turib, tegishli choralarni ko‘rmayapti, nima uchun qonun ustuvorligini ta'minlashga shoshilmayapti? Yoki yangi O‘zbekistonning odil sudlovi xalqning sillasini quritadigan, jabrdiydalarni idorama-idora sarson qiladigan va sud ostonalarida sarg‘aytiradigan tizimmi?..

Hurmatli Oliy sud rasmiylari, iltimos, bu maqolamizga raddiya yoki munosabat bildirib o‘tirmang. Toki reyderlik yo‘li bilan tortib olingan uy qonuniy egasiga qaytarilmas ekan, har qanday izohingiz befoyda ekanligi, sizlar o‘z hamkasblaringiz toptagan adolatni qaror toptirishga shoshilmayotganingizni va insonlar taqdiriga loqaydligingizni oqlash uchun asos bo‘lolmasligi aniq.

Dilshod ABDUQODIROV

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top