12:49 / 25.06.2020
43442

Denovda vafot etgan bemorda koronavirus tasdiqlandi. O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 20taga yetdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Surxondaryo viloyatining Denov shahrida yurak-qon tomir va o‘pka yetishmovchiligidan vafot etgan bemorda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangani haqida xabar berdi.

«Surxondaryo viloyat Denov shahrida vafot etgan bir nafar bemorda koronavirus infeksiyasi tasdiqlandi.

Ma'lum bo‘lishicha, Denov shahrida yashagan, 1961 yilda tug‘ilgan marhum bemor B.X. so‘nggi 5 yildan buyon ikki tomonlama o‘pkaning o‘tkir bronxopnevmoniyasi tashxisi bilan davolanib kelgan. Shu yilning 19 iyun kuni bemor (ayol) murojaatiga ko‘ra, olingan namunada koronavirus infeksiyasi mavjudligiga gumon qilingan va bemor tez yordam mashinasida tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Shifoxonada bemorga «Ikki tomonlama o‘tkir bronxopnevmoniya. O‘tkir yurak va o‘pka yetishmovchiligi og‘ir darajasi, koronavirus infeksiyasiga gumon» tashxisi qo‘yilgan. Bundan tashqari, bemorda «O‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi, surunkali piyelonefrit, kamqonlikning o‘rta og‘ir darajasi» yondosh kasalliklar tashxisi ham qo‘yilgan.

Bemorga ko‘rsatilgan tezkor tibbiy yordam va reanimatsion muolajalarga qaramasdan u yurak-qon tomir va o‘pka yetishmovchiligidan vafot etgan.

Respublika sanitariya-epidemilogik osoyishtaligi agentligining maxsus referens laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, marhumdan olingan namunada  koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. U bilan muloqotda bo‘lgan oila a'zolari, yaqinlari va boshqa fuqarolar qat'iy karantinga olingan bo‘lib, ushbu holat yuzasidan epidemiologik surushtiruv ishlari olib borilmoqda», deyiladi vazirlik xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 21 iyun kuni Surxondaryo viloyati Denov tumani hokimi Baxtiyor Ibatov tuman aholisiga murojaatida 20 iyun kuni tumanda bir kishi koronavirusdan vafot etgani haqida ma'lum qilgan, ammo bu xabar ko‘p o‘tmay tuman hokimligining telegramdagi kanalidan o‘chirib yuborilgandi.

O‘zbekistonda koronavirus bemorlari o‘limi bilan bog‘liq holat oxirgi marta 10 iyun kuni kuni Toshkentda qayd etilgandi.

Shu vaqtgacha Toshkentda 11, Namanganda 4, Samarqandda 2, Farg‘ona va Surxondaryoda bittadan o‘lim ro‘y bergandi.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2286 nafar bemordan 14 nafari og‘ir, 5 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top