00:03 / 25.06.2020
16161
Harbiy xizmatdan tavsiyanoma bilan qaytgan abituriyentlar uchun kvotalar taqsimoti ma'lum qilindi

2020/21 o‘quv yili uchun OTMlarga qabulda harbiy xizmatni o‘tab, qo‘mondonlik tavsiyanomasiga ega abituriyentlar uchun jami 6998ta alohida kvota ajratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomalariga ega bo‘lganlar uchun alohida besh foizli qo‘shimcha qabul ko‘rsatkichlarining OTMlar kesimidagi taqsimoti tasdiqlandi.

Bakalavriatning kunduzgi ta'lim shakli uchun jami 5179ta kvota ajratilgan bo‘lib, shundan 1175tasi grant, 4004tasi kontrakt o‘rinlarini tashkil etadi.

Sirtqi ta'lim shakli bo‘yicha jami 1568ta, kechki ta'limga esa 251ta kvota ajratilgan.

Respublika oliy ta'lim kengashi a'zosi Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z blogida qo‘mondonlik tavsiyanomasiga ega abituriyentlar uchun muhim eslatmalarni keltirib o‘tdi:

  • harbiy tavsiyanomaga ega abituriyentlar ushbu kvotalar doirasida dastlab alohida kuch sinashadi. Agar alohida kvotaga kira olmasa, shundan so‘ng uning bali umumiy kvotalar bo‘yicha hisoblanadi;
  • tavsiyanoma hech qanday qo‘shimcha ball bermaydi, barcha o‘zi to‘plagan ball bo‘yicha tanlovda qatnashadi;
  • tavsiyanoma faqat birinchi tanlangan yo‘nalishda alohida kvota bo‘yicha amal qiladi, 2-5 yo‘nalishlarda alohida kvota bo‘lmaydi, ya'ni imtiyoz o‘tmaydi.
Mavzu
Abituriyent-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top