23:37 / 25.06.2020
3371

Italiya kompaniyasi Sirdaryoda chiqindilarni to‘plash, olib chiqish, saralash va qayta ishlash bo‘yicha klaster tashkil etishi mumkin

Italiyaning «Innovando» kompaniyasi Sirdaryo viloyatida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash, olib chiqish, saralash va qayta ishlash bo‘yicha klaster tashkil etishi mumkin. Loyihani amalga oshirish 5 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, buning uchun 40 million yevro investitsiya kiritilishi kutilmoqda.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi ma'lum qilishicha, O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun xorijiy ixtisoslashtirilgan kompaniyalarni jalb qilishga ko‘maklashmoqda. Xususan, O‘zbekistonda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish bo‘yicha investitsiya loyihasida ishtirok etish maqsadida strategik ekologik innovatsiyalarni ishlab chiqish va sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini joriy etishga ixtisoslashgan Italiyaning «Innovando» kompaniyasi bilan o‘tgan yilning oxirida muzokaralar boshlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, Sirdaryo viloyati hokimligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi mutaxassislari hamda “Toza Hudud” DUK, “Innovando” kompaniyasi va “Energy X Group” mas'uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona rahbariyati ishtirokida tashkil etillan videokonferensiya Sirdaryo viloyatida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va qayta ishlash korxonasini tashkil etish investitsiyaviy loyihasini amalga oshirish masalalarini muhokama qilindi.

Foto: Dunyo AA

“Dunyo” axborot agentligining xabar berishicha, loyiha doirasida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash, olib chiqish, saralash va qayta ishlash bo‘yicha klasterni yaratish rejalashtirgan. Chuqur qayta ishlash texnologiyalari tufayli chiqindilarning 60 foizini qayta ishlash va sement tayyorlash uchun biogaz, yelim mahsulot hamda xomashyo granulalari olish uchun ikkinchi bor ishlatish rejalashtirilyapti. Ko‘p bosqichli loyihani amalga oshirish 5 yilga mo‘ljallangan va uning umumiy qiymati 40 million yevroni tashkil qiladi.

Muzokaralar davomida Italiya tomoni birinchi bosqichda italiyalik kompaniyalar tomonidan keyingi sarmoyalarni jalb qilish va ekspluatatsiya xarajatlarini qoplashga zamin yaratadigan tarif tizimini joriy etish masalasini muhokama qilish zarurligini ta'kidladi. Keyingi bosqich – bu chiqindilarni qayta ishlash chog‘ida ikkilamchi resurslarni olish, uni amalga oshirish va sotishdan iboratdir. Olingan mahsulotlar keyinchalik xorijiy davlatlarga, shu jumladan, Italiyaga ham eksport qilinishi mumkin.

Klasterning loyihaviy g‘oyasini va uni amalga oshirish konsepsiyasini bajaruvchi “Energy X Group” MChJ qo‘shma korxonasi rejalashtirilgan loyiha tashabbuskori bo‘lib, tomonlar chiqindilarni qayta ishlash zavodini qurish uchun umumiy maydoni 30 gektarga teng yer maydonini ajratish masalasini muhokama qilishgan. Ayni paytda Sirdaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda ko‘p funksiali klasterni yaratish uchun barcha zarur talablarga javob beradigan yer uchastkasini izlash bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Videokonferensiya yakuniga ko‘ra o‘rta muddatli istiqbolga harakatlar dasturi, jumladan, ish rejasini ishlab chiqish, loyihaning texnik-iqtisodiy asosini tayyorlash uchun ma'lumotlarni yig‘ish va tahlil qilish hamda joriy yilning iyul oyida Italiya delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini ishlab chiqishga kelishilgan.

Top