23:35 / 25.06.2020
34094
Nikohni qayd etish muddatini bir necha oyga uzaytirish taklif qilindi

Qonunchilikka ko‘ra, nikoh ariza berilganidan 1 oy o‘tgach ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bu muddatni 6 oyga, hech bo‘lmasa 3 oyga uzaytirish kerak, deb hisoblaydi Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligida oilaviy ajrimlarni kamaytirish masalasida davlat va nodavlat-notijorat tashkilotlari hamkorligini oshirish masalasida amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Anjumanda ishtirok etgan Oliy sud raisi o‘rinbosari – Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati raisi Xolmo‘min Yodgorovning fikricha, oilaviy ajrimlarning yuzaga kelayotgani sabablaridan biri – yoshlarning bir-biri haqida yetarlicha ma'lumotga ega emasligidir.

Foto: Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati

«Ilgari ota-bobolar avval non sindirgan, bir-biriga hayitlik jo‘natgan, to‘ydan avval 1-2 yil kutgan. Bu orada yigit va qiz bir-biri bilan uchrashgan, bir-birini o‘rgangan. Hozir esa 20 kun ichida to‘y qilib yuborishyapti. Yoshlar bir-birining fe'l-atvori haqida yetarli ma'lumotga ega emas. Keyinchalik oilada kelishmovchilik yuzaga kelib, ajrim bo‘lishining sabablaridan biri ham shu. Bunga e'tibor qaratish kerak.

Qonunchilikda nikohga kirish uchun ariza bergandan keyin 1 oydan keyin ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Bu muddatni 6 oyga o‘zgartirishga ham roziman. Hech bo‘lmaganda, 3 oyga uzaytirish kerak.

Bu orada yoshlar bir-biri bilan gaplashsin, o‘rgansin. Agar fe'l-atvori to‘g‘ri kelmasa, o‘sha paytning o‘zida, nikohga kirmasdan turib ajrashib ketsin», dedi Oliy sud sudyasi.

Foto: Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot xizmati

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili O‘zbekistonda ayollar uchun nikoh yoshi 17 yoshdan 18 yoshga oshirilib, erkaklar uchun belgilangan me'yorga tenglashtirilgan edi.

Top