12:00 / 25.06.2020
92079
Ortga qaytamizmi? Dehqon xo‘jaliklarining yerga umrbod egalik huquqi bekor qilinishi mumkin

Bozor iqtisodiyoti sharoitida xususiy mulk - rivojlanishning asosiy omil va ustunlaridan biri ekanligi isbot talab etmaydigan aksioma hisoblanadi. Chunki bozor sharoitida aynan mulkning egasi mavjud bo‘lsagina u samarali mulkka aylanadi va aynan tayinli egasi bor, ta'bir joiz bo‘lsa, «mehriboni bor» mulk asrab-avaylanadi, davomli istifoda etish maqsadida unga g‘amxo‘rlik qilinadi, har bir bo‘lagi qadrlanadi.

Foto: KUN.UZ

Endi inson haqida.

Tasarrufida mulki bo‘lgan inson o‘zini mulkdor deb his etadi. Bu esa o‘zgacha, sharafli maqom. Aynan shunday – sharafga ega kishilar jamiyati yetuk jamiyat bo‘ladi va ulkan ishlarga qodir bo‘ladi.

Mavzuga o‘tamiz.

Kuni-kecha Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan «Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Mazkur qonun loyihasining 3-moddasida «ushbu Qonun kuchga kirgan kundan boshlab dehqon xo‘jaligi uchun yer uchastkalarini meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan ajratish tartibi bekor qilinishi» aytiladi.

Ana xolos! Biz bozor munosabatlarini har bir jabhada rivojlantirib, buning asosi bo‘lmish mulkchilik (egalik) institutlarini qaror toptirish yo‘lidan bormayotganmidik? Nega endi qonunlarga bunday o‘zgartishlar kiritib, yana ortga qadam tashlamoqchi bo‘lyapmiz – sohadagi egalikning oz bo‘lsa-da mavjud ko‘rinishlariga ham putur yetkazmoqchimizmi?

Ha, amaldagi qonunchiligimizga muvofiq mamlakatimizda ekin yerlar davlat mulki hisoblanadi – bu bizga sovet ittifoqidan meros. Nari borsa, ba'zi yerlar umrbod foydalanishga berilgan bo‘lib, o‘sha «ba'zi» yerlar – asosan dehqon xo‘jaliklariga berilgan yerlar. Ammo, hayot bir joyda turgani yo‘q – biz islohotlar yo‘lida odimlayapmiz, har bir narsani haqiqiy egasiga topshirishga urinyapmiz.  

Garchi bu – mamlakatimiz ekin yerlarining atigi 11,3 foizini tashkil qiluvchi yerlar dehqonlarning xususiy mulki deb hisoblanmasa-da, dehqon tili bilan aytganda «umrbodga» berilgani uchun dehqonlar o‘zlarini yer, ya'ni mulk egasi, deb his qilishadi, aynan shu uchun ham uzoq muddatli rejalar qilishadi, oilalarining kelajagini shu yer bilan bog‘lashadi

«O‘zlarini mulk egasi deb his qilishadi», dedik. Til uchun bu shunchaki ikki og‘iz gap. Ammo chuqurroq qaraydigan bo‘lsak, bu so‘zlarda katta mazmun topamiz. O‘zini yer egasi deb his qilgan kishi qalbida kelajakka ishonch, ongida esa uzoq muddatli rejalari tuzilgan bo‘ladi. Bu esa o‘ta muhim – ertasiga ishonchi va rejalari bo‘lmagan odam yurti uchun jon kuydiradimi, loaqal atrofini yig‘ishtiradimi? Yo‘q! Amrimahol bu!

O‘zi yashab turgan zamini bilan mulk orqali bog‘lanmagan insonda Vatan tuyg‘usi ham, Vatanida bo‘layotgan jarayonlarga nisbatan munosabat ham «o‘ziga yarasha» bo‘ladi.

Qishloq xalqining sha'niga nisbatan ba'zida oshkor, ba'zida «qog‘ozga o‘rab» salbiy munosabat bildiriladi. Emishki, bularni majburlamasa ishlamaydi, yerni zoye qiladi va hokazo. Buni biroz mantiqan tarjima qilsak, «bularni majburlamasang, bizni boqmaydi» degan gap chiqib keladi... Munosabat naqadar abgorligini his qilyapsizmi?   

Aynan mana shunday munosabat oddiy dehqonlarga nisbatan ishonchsizlikni, mensimaslikni – tepadan pastga qarashni keltirib chiqaradi va pirovardida bu narsa... qaror-u qonunlarga ko‘chadi... Shunisi achinarli. O‘ta achinarli.

Zero, aynan shunday munosabat o‘laroq biz soha rivojiga sun'iy to‘siqlar qo‘yib kelyapmiz, bizni boqib kelayotgan dehqonning ruhini tushiryapmiz. Ming afsus!

«Bu hali shunchaki loyiha, muhokamaga qo‘yildi xolos», dersiz balki? Ammo bu loyiha ishlab chiqilganining o‘zi munosabat ko‘rsatkichi emasmi?

Yana bir chizgi.

Norma’ning yozishicha, mazkur qonun kuchga kirgandan keyin dehqon xo‘jaliklariga yerlar sabzavot, poliz va boshqa mahsulotlar yetishtirish uchun 5-15 yilga, bog‘ barpo etish uchun 30-50 yilga ijaraga berilar ekan. Xo‘sh, aniq muddatni kim belgilaydi? Mahalliy hokimliklarmi? Hokimliklarning korrupsion aralashuvi uchun yana bir «tuynuk» ochish ko‘zda tutilmayaptimi? Shu soha qoluvdi o‘zi korrupsiyaning «qo‘li yetmagan»...

Yerni 5–15 yilga ijaraga olib ishlatuvchi oila uchun yer – shunchaki vaqtincha foydalanib, tashlab ketiladigan yoki mahalliy hokimiyat tomonidan tilga olayotganimiz qonunga asosan olib qo‘yiladigan matoh, uni asrab-avaylash, holatini yaxshilash uchun stimul yo‘q.

Bog‘ yaratish uchun 30 yilga yerni ijaraga olgan dehqon bog‘i bir kun kelib biror «hokim buvaning» istagi o‘laroq boshqa kimgadir o‘tib ketishini bilib tursa, qo‘li ishga boradimi? Ta'bir joiz bo‘lsa, bunda dehqon va yerning o‘rtasida rishta hosil bo‘ladimi, ikkisi o‘rtasida «nikoh» – mehr-muhabbat qaror topadimi?

Shuni aytish lozimki, bu gaplar – juda oddiy mantiqiy haqiqatlar, bozor iqtisodiyoti taqozo qilgan asos tamoyillar. Bu haqiqatlarni hozirda dunyo tan olish nari tursin, rivojlangan mamlakatlarning hayot mazmuniga aylangan ular. Shuning uchun ular – rivojlangan mamlakatlar.

Bizda esa kimdir bu haqiqatlarni yo tushunib yetmayapti, yoxud bilib turib islohotlar g‘ildiragiga cho‘p tiqyapti.        

So‘zimizga ilova o‘laroq, dehqon xo‘jaliklari va tomorqachilarning el dasturxonini to‘ldirishda hissalarini yaqqol ko‘rsatuvchi ma'lumotlarni keltiramiz. Qayta ta'kid etamiz — dehqon xo‘jaliklari egalik qilayotgan yerlar mamlakat ekin maydonlarining atigi 11,3 foizini tashkil qiladi (Qishloq xo‘jaligi va ekologiya statistika boshqarmasining 2019 yilgi ma'lumot va diagrammalaridan foydalanildi).

Kim qancha qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirdi?

Sabzavot yetishtirish bo‘yicha kim oldinda?

Kim ko‘proq meva yetishtiradi?

Go‘shtning 91,8 foizini dehqon xo‘jaliklari yetishtirdi.

Sut yetishtirish bo‘yicha kim oldinda?

Kim ko‘proq tuxum yetishtiradi?

Xalqni kartoshka bilan kim ko‘proq ta'minlaydi?

Poliz mahsulotlarini qanday xo‘jaliklar ko‘proq yetishtiradi? 

Mamlakatda mavjud jami qoramolning 93,4 foizi shaxsiy tomorqachilar va dehqon xo‘jaliklari qo‘lida.

Xo‘sh, yerlarimizning atigi 11,3 foizidan foydalanib, soha bunday natijalarga qanday erishdi? Bu savol hammani qiziqtirsa kerak, biroq savolga javob shundoq yuzada qalqib turibdi — dehqon xo‘jaliklari davlat idoralari aralashuvidan shu paytgacha xoli bo‘lib keldi, dehqon xo‘jaliklari va tomorqachilar nima ekishni o‘zlari hal qilib kelishdi, egnilariga reja topshirishmadi va eng asosiysi — yer ularga vaqtincha emas, umrbod foydalanishga berilgan edi. Mahsulot yetishtirishga zarracha aloqasi bo‘lmagan mansabdorlar ishlariga deyarli aralasholmadi.

Ammo endi, aftidan, bu soha ham korrupsiyaning «nazariga tushdi» – uning ham faoliyatiga ma'muriy aralashuv o‘tkazib, bozor va mulkchilik-egalik tamoyillarini bu sohadan ham sug‘urib olmoqchi.  

Jamoatchilik, mutaxassislar bu loyihaga o‘z munosabatlarini bildirishadi, mazkur bozor iqtisodiyotiga mutlaqo zid bo‘lgan taklif ma'qullanmaydi, degan umiddamiz.

Shokir Sharipov

Top