19:30 / 25.06.2020
6830
Samarqand shahrida 1300 dan ortiq elektr energiyasi iste'molchisi ikkita tarmoqqa ulanib olgani aniqlandi

Xabaringiz bor, yurtimizda aholiga elektr energiyasi yetkazib berish borasida sifat jihatdan bir qator islohotlar qilinyapti. Xususan, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (EEHO va NQAT) joriy etilmoqda. Ma'lumot o‘rnida aytish lozim, ushbu jarayon 2021 yil yakuniga qadar davom etadi va 100 foiz aholi qamrab olinadi.

Xo‘sh, bu tizim haqida iste'molchilar nechog‘li ma'lumotga ega?

Tan olish kerak, respublikamiz hududida elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga o‘tishda bir qator muammolar yuzaga kelyapti. Shuni hisobga olib, «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tizimni keng joriy qilish bo‘yicha chora-tadbir ishlab chiqqan. Hududiy elektr tarmoqlariga bu borada ko‘rsatmalar berilgan. Aytish lozim, «Samarqand shahar elektr tarmoqlari» korxonasi bu borada aholi o‘rtasida muntazam targ‘ibot olib bormoqda.

«Yaqin yillargacha ham aksariyat iste'molchilar elektr energiyasi uzilganda yoki quvvat kamayib ketgan vaqtda ikkinchi tarmoqqa ulanib olishi odatga aylangandi. Ya'ni, ko‘pchilikda zaxira tarmoq doim bo‘lardi. Ammo bu holat elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishda noqulayliklarga sabab bo‘lyapti. Ikki tomonlama manbaga ega bo‘lgan iste'molchi qarzdorlik uchun tarmoqdan ajratilganda, ikkinchi zaxira manbaiga ulanib olmoqda. Natijada u bilan aloqa uzilib, konsentrator orqali ma'lumotlar yagona markazga (server) uzatilmayapti. Bu joriy etilayotgan tizimning nazorat qilish funksiyasini buzib, tizim mohiyatining yo‘qolishiga ta'sir ko‘rsatmoqda. Sodda qilib aytganda, ikkita tarmoqqa ulanib olish qoidaga zid bo‘lib, elektr energiyasi iste'molini yashirish hisoblanadi. Bir narsani e'tiborga olish kerak, ikkinchi tarmoqdan ajratilgandan keyin transformator yuklamasi yengillashib, barqaror va uzoq muddat ishlashi kafolatlanadi», - deydi «Samarqand shahar elektr tarmoqlari» korxonasi boshlig‘i Eldor Mamasoliyev.

Bundan tashqari, aksariyat ko‘p qavatli uylarning ichki elektr tarmoqlari qarovsiz bo‘lib qolgan. Natijada sodir bo‘lgan avariya holatlari yetarli malakaga ega bo‘lmagan xodimlar tomonidan bartaraf etilishi natijasida xonadonlarning elektr hisoblagichlar ulanish sxemalari buzilishiga olib kelgan. Bu ham ayrim xonadonlarning iste'mol qilgan energiyasi hisob-kitobi noto‘g‘ri bo‘lishiga sabab bo‘lyapti. Ko‘p qavatli uy-joylarda iste'molchilar hisoblagichlarini xato ulanish, kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tegishli xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlariga murojaat xati jo‘natilmoqda. Kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatilyapti.

Shuningdek, Samarqand shahrida hisoblagich o‘rnatuvchi xodimlarga yangi hisoblagichda «ogohlantirish chirog‘i» yonganda, uni bartaraf etish choralari ko‘rilishi bo‘yicha tushuncha berilyapti.

Hozirga qadar Samarqand shahrida 1300 dan ortiq iste'molchi ikkita tarmoqqa ulanib olgani aniqlandi va zaxira tarmoqdan uzildi. Ushbu holatlarni bartaraf etish maqsadida shaharda uchta brigada tashkil etilgan bo‘lib, deyarli har kuni reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda. Elektr energiyasi mutaxassislari tomonidan zaxira tarmoqni uzish vaqtida fuqarolar e'tiroz bildirilayotgani ham ayni haqiqat. Bunday vaziyatda mahalla oqsoqollari, profilaktika inspektorlari hamkorligiga tayanilyapti.

«Samarqand shahar elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmati

Top