12:47 / 26.06.2020
12513
«Jabrlanuvchiga 28 million so‘m undirildi» – Samarqand MIB Kun.uz’da e'lon qilingan murojaat hal bo‘lgani haqida xabar berdi

24 iyun kuni Kun.uz saytida «Qo‘shrabotda odam urib ketgan shaxs tovon puli to‘lamadi, MIB yanvardagi sud ajrimini hamon ijro etmagan» sarlavhali maqola e'lon qilingandi. Majburiy ijro byurosi mazkur muammo 25 iyun kuni hal etilganini ma'lum qilib, maqolaga batafsil munosabatini bildirdi.

24 iyun kuni Kun.uz saytida «Qo‘shrabotda odam urib ketgan shaxs tovon puli to‘lamadi, MIB yanvardagi sud ajrimini hamon ijro etmagan» sarlavhali maqola e'lon qilingandi. Majburiy ijro byurosi mazkur muammo 25 iyun kuni hal etilganini ma'lum qilib, maqolaga batafsil munosabatini bildirdi.

«KUN.uz axborot saytida «Qo‘shrabotda odam urib ketgan shaxs tovon puli to‘lamadi, MIB yanvardagi sud ajrimini hamon ijro etmagan» sarlavhali maqola nashr etilgan.

Unda 2019 yil 20 sentyabrda mast holda va haydovchilik guvohnomasisiz bo‘lgan N.Qo‘shmatov Nurota-Mitan-Qo‘shrabot yo‘nalishida «Neksiya» avtomashinasida katta tezklikda harakatlanib kelib, yo‘l chetida ketayotgan ayol N.T.ni urib ketib, unga og‘ir jarohat yetkazganligi sababli, undan jabrlanuvchiga 28 mln 810 ming so‘m zarar undirish belgilangan bo‘lsada, bugungi kunga qadar MIB xodimlari tomonidan undirib berilmagani va boshqa qator holatlar aks ettirilgan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tuman sudining hukmiga ko‘ra, Nuriddin Qo‘shmatovdan jabrlanuvchi N.T. foydasiga 28 mln 810 ming 234 so‘m moddiy zarar undirish belgilangan bo‘lib, mazkur ijro hujjati Majburiy ijro byurosining Qo‘shrabot tuman bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan va qarzdorlikni undirish borasida ijro harakatlari amalga oshirilgan.

Jumladan, MIB tuman bo‘limining davlat ijrochisi tomonidan xolislar va mahalla faollari ishtirokida N.Qo‘shmatovning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilgan, lekin uning uyida birinchi ehtiyojdan boshqa undiruv qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulki yoki pul mablag‘lari yo‘qligi aniqlangan.

Olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida N.Qo‘shmatov nomiga rasmiylashtirilgan «Neksiya» rusumli avtotransport vositasi rasmiylashtirilganligi aniqlanib, taqiq qo‘yilgan.

Biroq, ushbu avtotransport vositasini xatlash va sotuvga chiqarish maqsadida 21.04.2020 yilda N.Qo‘shmatovning yashash manzili ko‘zdan kechirilganda, avtomashina yo‘qligi, noma'lum joyga yashirib qo‘yilgani aniqlangan. Shu sababli, 27.04.2020 yilda davlat ijrochisining qarori bilan ushbu avtomashinaga qidiruv e'lon qilinib, qaror ijrosini ta'minlash maqsadida tuman IIB YHXBga yuborilgan.

Tuman MIB hamda YHXB bilan hamkorlikda amalga oshirilgan qidiruv tadbirlari natijasida, 2020 yil 2 iyun kuni N.Qo‘shmatovning nomiga rasmiylashtirilgan «Neksiya» rusumli avtotransport vositasi tumanning «Qo‘ralos» qishlog‘ida aniqlanib, xolislar ishtirokida xatlangan va «Said» MChJga qarashli saqlash maydonchasiga qo‘yilgan.

Shuningdek, N.Qo‘shmatovga yuqorida qayd etilgan qarzdorlik summasi belgilangan muddatda to‘lanmagani sababli, mazkur avtotransport vositasini baholatib, auksion savdolariga qo‘yish tartibining ilk bosqichi, ya'ni qarzdorga mulkni elektron onlayn savdoga qo‘yilayotgani haqida ogohlantirish xati yuborilgan.

Ushbu ogohlantirishdan so‘ng, qarzdor N.Qo‘shmatovdan joriy yilning 25 iyun kunida 28 mln 810 ming 234 so‘m pul mablag‘lari to‘liq undirilib, jabrlanuvchi N.T.ning turmush o‘rtog‘iga tilxat asosida topshirilishi ta'minlandi», deyiladi Samarqand viloyati Majburiy ijro byurosi xabarida.

Kun.uz murojaat egasi bilan bog‘langanida bir kun ichida MIB tomonidan barcha pullari undirib berilgani haqida ma'lum qildi.

Top