21:24 / 26.06.2020
9731
O‘zbekistondagi majburiy mehnat masalasi bo‘yicha AQSh kuzatuvlari: hisobotda nimalar qayd etilgan?

25 iyun kuni AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo har yili AQSh davlat departamentining odam savdosiga qarshi kurash va nazorat qilish boshqarmasi tomonidan tayyorlanadigan odam savdosi xususidagi hisobot natijalarni taqdim etdi.

Foto: CNN

Mazkur nashrda har yili 187 davlat va hududlar, jumladan, AQSh hukumatlarining odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash yuzasidan olib borayotgan sa'y-harakatlari aks ettiriladi. Mamlakatlar Palerma protokolining "uch P"ni kuzatadigan minimal standartlari (odam sotish bilan shug‘ullanuvchilarni jinoiy ta'qib qilish, odam savdosi qurbonlarini himoya qilish va odam savdosining oldini olish) bo‘yicha baholanadi.

O‘zbekiston kuzatuv ro‘yxati (Tier 2 Watch List)dagi mamlakatlarning ikkinchi darajasida bo‘lishiga qaramasdan, hisobotda mamlakatda ijobiy yangilanishlar va hukumat tomonidan vaziyatni o‘zgartirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar qayd etib o‘tilgan.

"Markaziy Osiyodagi ayrim mamlakatlarda hukumatlar xalqni paxta sanoati va boshqa sohalarda ishlashga majbur qilishi uzoq tarixga ega. O‘zbekistonning ushbu muammoni hal etish borasidagi sa'y-harakatlari mintaqadagi boshqa mamlakatlar uchun yangi standartlarni o‘rnatmoqda", – dedi taqdimot chog‘ida Davlat kotibi.

Hisobotda qonunchilikdagi o‘zgarishlar, 2019 yilda fuqarolik faollari bilan uchinchi tomon monitoringini olib borish va odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha yuqori darajadagi milliy komissiyaning tashkil etilishi qayd etilgan.

Ushbu Milliy komissiya Senat raisi rahbarligida tashkil etilgan, shuningdek, Milliy ma'ruzachi instituti joriy etilgan. Buning natijasida profilaktika ishlari kuchaytirilgan. Mazkur komissiya hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri  hamda Ichki ishlar vaziri raisligidagi  2 ta majburiy mehnatga qarshi kurashish va odam savdosiga qarshi kurashish quyi komissiyalaridan iborat.

Hisobotda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi mehnat inspektorlari sonining ko‘paytirilganligi, Inspeksiya tomonidan 21 172 ta tekshiruvlar o‘tkazilganligi, 18 332 ta murojaatlar ko‘rib chiqilganligi va 259 nafar mansabdor shaxslarga, shulardan 132 nafariga majburiy mehnat uchun ma'muriy jarima ko‘llanilganligi ijobiy baholangan.

Hukumat tomonidan majburiy mehnat holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, ularning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar alohida ta'kidlangan. Xususan, majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganlik uchun ma'muriy javobgarlikning kuchaytirilganligi, ma'muriy jazo qo‘llanilgandan keyin majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy etilganligiga urg‘u berilgan. Xalqaro mehnat normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha ishlar davom ettirildi – XMTning 4 ta konvensiyasi ratifikatsiya qilindi (“Uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risida”gi 144-sonli, “Qishloq xo‘jaligida mehnat inspeksiyasi to‘g‘risida”gi 129-sonli, “Sanoat va savdoda mehnat inspeksiyasi to‘g‘risida”gi 81-sonli konvensiyalar va “Majburiy mehnat to‘g‘risida”gi 29-sonli Konvensiyasiga Bayonnoma).

Shu bilan birga, monitoring jarayoniga fuqarolik jamiyati vakillarini jalb qilish ijobiy amaliyoti davom etayotganligi ta'kidlangan. 2019 yilda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan 15 nafar fuqarolik jamiyati vakillariga monitoring jarayonida hech qanday to‘siqlarsiz ishtirok etishini ta'minlash maqsadida ruxsatnomalar berilgan.

Hukumat paxta terimiga fuqarolarni safarbar qilishni kamaytirish va dalalarda bolalar mehnatidan foydalanishni taqiqlash, shu jumladan paxta teruvchilarning ish haqini oshirish, XMT bilan hamkorlikda xabardorlikni kuchaytirish kampaniyalari, shuningdek, joylardagi mansabdor shaxslar va mas'ullarni majburiy mehnatdan foydalanganligi uchun jazolash bo‘yicha choralar ko‘rishda davom etmoqda.

Vaziyatni tahlil qilish bilan bir qatorda, hisobotda AQSh milliy qonunchiligining eksterritorial qo‘llanilishiga binoan O‘zbekistonni keyingi toifaga o‘tkazish bo‘yicha asosiy tavsiyalar keltirilgan (Trafficking Victims Protection Act TVPA). Ular orasida:

  • fuqarolarga kasbiy majburiyatlari bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishni rad etish “huquqi” to‘g‘risida xabardor qilish bo‘yicha tadbirlarni davom ettirish,
  • qonuniy tartib va qonunchilikka rioya qilish,
  • odam savdosi bilan bog‘liq tergovlar sonini ko‘paytirish,
  • odam savdosi jabrlanuvchilarini, shu jumladan xalqaro sheriklar bilan birgalikda ishlab chiqilgan shaxslarni aniqlash uchun tizimli va profilaktika ishlarini joriy etish,
  • huquqni muhofaza qilish organlari bilan odam savdosi holatlarni lozim darajada olib borish va odam savdosining yashirin qurbonlarini rasmiy ravishda aniqlash va utslarga yordam berish usullari bo‘yicha ishlashni davom ettirish,
  • qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha milliy harakat rejasini amalga oshirishni davom ettirish,
  • davlat boshpanalariga qabul qilinmagan jabrdiydalarga yordam va boshpana beradigan NNTlarning roli va ishtirokini kuchaytirish,
  • Jinoyat kodeksiga odam savdosi qurbonlarining shaxsini aniqlash va himoya qilish o‘zgartirish kiritish bo‘yicha loyihasini qabul qilish,
  • Bandlik agentliklarini nazorat qilish va ishga yollash bo‘yicha to‘lov potensial ishlovchilar tomonidan emas, balki ish beruvchilar tomonidan to‘lanishi kerak.

Ta'kidlash joizki, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov yaqinda OAVga bergan intervyusida qonunchilikni o‘zgartirish bo‘yicha takliflar tayyorlanganini va xususiy bandlik agentliklarining faoliyatini tartibga solish haqidagi normativ hujjatlar qabul qilinishini kutilayotganligini ta'kidladi. Unga ko‘ra, xususiy bandlik agentliklari chet elda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolarni chet elga ishlashga yuborganligi uchun oldindan haq olmaydi. Bu to‘lov ish beruvchi amalga oshiriladi.

Mayk Pompeoning AQSh Davlat departamentining Twitter sahifasida chop etilgan bayonot bilan ushbu havolada tanishish mumkin.

Odam savdosi to‘g‘risidagi hisobotning ingliz tilidagi to‘liq versiyasi mazkur manzilga joylangan.

Top