19:00 / 26.06.2020
28103

Qozog‘iston O‘zbekiston bilan aviaqatnovlarni tiklamoqda

Qozog‘iston mamlakat ichkarisida karantin choralarini kuchaytirish barobarida yana 11 davlat bilan aviaqatnovlarni tiklashni rejalashtirmoqda. Bu haqda brifing chog‘ida Qozog‘iston transport sohasi bosh sanitar vrachi Sadvakas Baygabulov ma'lum qilgan.

20 iyundan Qozog‘iston Janubiy Koreya, Gruziya, Xitoy, Tailand va Yaponiyaga parvozlarni qaytadan boshlagandi. Baygabulovning so‘zlariga ko‘ra, birinchi toifadagi davlatlar qatoriga Vengriya, Hindiston, Germaniya, Chexiya va Malayziya ham kiritilgan, bu davlatlardan keluvchilar uchun hech qanday cheklovlar yo‘q.

Ikkinchi toifadagi davlatlar qatoriga Turkiyadan tashqari Misr, Ukraina, Polsha, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston ham kiritilgan.

Ikkinchi toifadagi davlatlardan keluvchilarga ayrim cheklovlar amal qiladi: koronavirus tahlili natijasi olinganiga 5 kundan ko‘p vaqt bo‘lmagan yo‘lovchilarga cheklovlar yo‘q. Agar hech qanday ma'lumotnoma bo‘lmasa, 48 soat ichida test topshirishi va 14 kun davomida uy karantinida bo‘lishi talab etiladi.

Shu kunlarda Qozog‘iston hukumati karantin choralarini kuchaytirmoqda va aholidan uydan turib ishlashni so‘ramoqda. Yaqin kunlarda yana bir qancha shaharlar yopilib, qat'iy karantin joriy etiladi: barcha savdo markazlari, xiyobonlar va ko‘ngilochar maskanlar faoliyati to‘xtatiladi.

Xitoy va Rossiya bilan chegaradosh bo‘lgan Qozog‘iston koronavirus yana avj olishining oldini olishga harakat qilmoqda. Hozircha Rossiya bilan chegarani ochish rejalashtirilmayapti.

«Hozircha Rossiya bilan davlat chegarasi yopiqligicha qoladi. Karantin cheklovlari davrida istisnolarsiz shaxsiy avtotransport vositasi orqali chegaradan o‘tish mumkin emas», degan Qozog‘iston chegara xizmati chegara nazorati departamenti boshlig‘i o‘rinbosari Oleg Fisenko.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq 33 310 holat qayd etilgan, shundan 13 560 holatda kasallik simptomlarsiz kechgan. Shu vaqtgacha bemorlarning 147 nafari vafot etgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top