12:33 / 26.06.2020
14951
Universitet talabasi «Telegram»dagi firibgarlik ortidan qo‘lga tushdi

Buxoro shahar, Qizilqum ko‘chasida yashovchi G.B. 9 may kuni Buxoro viloyat IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan, deb xabar bermoqda IIV Tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasi.

Foto: IIV axborot xizmati

U o‘z arizasida Telegram messenjeridagi botlardan biriga o‘zining plastik kartasiga mikrokredit rasmiylashtirish uchun murojaat qilganidan so‘ng bot avtomat ravishda uning savollariga javob berish bilan bir qatorda, plastik karta raqamlari, maxsus kodi hamda plastik kartani boshqaradigan mobil aloqa operatori raqamlari va qo‘shimcha maxsus kodlarni avtomat ravishda aniqlab olganligini bildirgan.

Qayd etilishicha, G.B. ushbu plastik karta hisobidagi 3 627 500 so‘m pul hamda ushbu plastik karta uchun 1 600 000 so‘m miqdoridagi kreditni rasmiylashtirib, jami 5 227 500 so‘m miqdoridagi pullar o‘g‘irlab olinganini bildirgan va mazkur shaxsni aniqlab, pullari qaytarilishida va qonuniy chora ko‘rilishida amaliy yordam so‘ragan.

Ariza yuzasidan olib borilgan tezkor-texnik tekshiruvlar va tuzoq dasturlari natijasida pullar 1999 yilda tug‘ilgan, Guliston davlat universiteti talabasi, Farg‘ona viloyati Rishton tumanida yashovchi J.O.ga aloqador bo‘lgan virtual hisob raqamlarga kelib tushganligi aniqlandi.

Gumonlanuvchi J.O. qo‘lga kiritilgan pullarni konvertatsiya ilovalaridan foydalangan holda Qozog‘istonning turli raqamlariga ro‘yxatga olingan Qiwi hamyonlariga elektron valutani ayriboshlovchilar yordamida jo‘natganligi, shundan so‘ng ushbu pullarni 1Xbet, Melbet bukmeykerlikka asoslangan faoliyatlar orqali O‘zbekistonga qaytib kiritib, boshqa bir qator operatsiyalar bilan o‘g‘irlangan pullarni o‘zining virtual hisob raqamlari orqali naqdlashtirib olgan.

J.O.ning barcha hisob raqamlari tekshirib ko‘rilib, u bilan surishtiruv jarayonida, unga respublikaning turli hududlaridan ko‘plab fuqarolar murojaat qilganligi, taxminan jami bo‘lib 30 millionga yaqin pullarni fuqarolarni plastik kartalaridan o‘g‘irlab olganligi, barcha harakatlarni mobil telefoni orqali amalga oshirib kelganligini bildirgan.

J.O.ning 1 dona qo‘l telefoni hamda 4 dona plastik kartasi daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olinib, to‘plangan hujjatlar Buxoro shahar IIO FMB 1-son IIB huzuridagi Tergov guruhiga topshirildi, deyiladi xabarda. 

Top