16:06 / 26.06.2020
6590
Yunusobod tumani aholisi uchun tabiiy gaz iste'molining bazaviy me'yori bekor qilindi 

Bazaviy me'yordan ortiq miqdorda tabiiy gaz iste'mol qilingan holda, hisoblash mavjud tarifga 1,2 oshirilgan koeffitsiyent orqali amalga oshirilardi.

Foto: Fotolia

Toshkent shahrining Yunusobod tumani aholisi uchun tabiiy gaz iste'molining bazaviy me'yori bekor qilindi. Bu haqda "Hududgazta'minot" AJ matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, ushbu qaror Vazirlar Mahkamasi tomonidan aholining aksar qismi karantin sababli, o‘z vaqtini uyda o‘tkazayotganligini hisobga olgan holda qabul qilindi.

Yunusobod tumanida yangi tizimning joriy etilishi 2019 yil 1 yanvarda boshlangan bo‘lib, unga ko‘ra, tuman aholisi uchun tabiiy gaz iste'molining bazaviy me'yori, isitish mavsumida yakka tartibda isitiluvchi turar joy binosi yoki kvartirada yashovchi bir abonentga oyiga 1000 kub metr, qolgan vaqtda esa bir abonent uchun oyiga - 250 kub metr miqdorida etib belgilangan edi. Mazkur bazaviy me'yordan ortiq miqdorda tabiiy gaz iste'mol qilingan holda, hisoblash mavjud tarifga 1,2 oshirilgan koeffitsiyent orqali amalga oshirilardi.

“Prezidentning 2020 yil 18 iyundagi "Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Qaroriga muvofiq, "Hududgazta'minot" AJning mamlakatimiz gaz ta'minoti tizimidagi faoliyati sezilarli darajada kengaytirildi.

Xususan, "Hududgazta'minot" aksiyadorlik jamiyati "O‘ztransgaz" AJdan tabiiy gazni oldi-sotdi shartnomasiga asosan, gaz uzatish magistral quvurlari tizimi orqali, shuningdek, tabiiy gaz ishlab chiqaruvchilarining "zangori yoqilg‘i"ni gaz taqsimlash tarmoqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishiga erishildi. Bu bilan esa, aholi, ijtimoiy obektlar va boshqa iste'molchilarning tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini qondirilishiga erishilmoqda”, - deyiladi "Hududgazta'minot" xabarida.

Avvalroq, Yunusobod tumani aholisiga elektr energiyasidan foydalanish uchun belgilangan limit bekor qilingandi. 

Top