13:45 / 27.06.2020
4205
Alisher Navoiy ko‘chasida o‘g‘irlik qilgan ikki shaxs ushlandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b, g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: Tergov departamenti

2020 yilning 5 iyun kuni taxminan soat 17:00da muqaddam o‘g‘irlik bilan sudlangan 41 yoshli O.X. tanishi, 37 yoshli T.K. bilan jinoiy til biriktirib, Toshkent shahri Shayxontohur tumani A. Navoiy ko‘chasida joylashgan, 61 yoshli X.M. (ayol)ga tegishli bo‘lgan xonadonga kalit tanlash yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, ular xonadon yotoqxonasida joylashgan shkafning ichida bo‘lgan 60.000.000 so‘mlik turli xildagi tilla-taqinchoqlar, 150 AQSh dollari va 150.000 so‘m naqd pullarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringanlar.

Mazkur holat yuzasidan Shayxontohur tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b, g” bandlari (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov jarayonida O.X.ga nisbatan JKning 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan o‘g‘irlik) bilan ayb e'lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, T.K.ga nisbatan esa 169-moddasi 2-qismi “b, v, g” bandlari (ancha miqdorda, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, uy-joyga g‘ayriqonuniy ravishda kirib sodir etilgan o‘g‘irlik) bilan ayb e'lon qilinib, “uy qamog‘i” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda. 

Top