00:11 / 27.06.2020
130479
Besh hududda aholi orasida yangi holatlar aniqlandi

26 iyun kuni O‘zbekistonda 250ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi (jami 7427 holat) va 161 nafar bemor sog‘aydi. Shu vaqtgacha 5038 bemorga javob berilgan, 20 kishi vafot etgan, shifoxonalarda 2369 nafar bemor davolanmoqda.

Bugun 5 hududda - Toshkent shahri, Buxoro, Xorazm, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Bugungi 250 holatdan 220tasi karantin muassasalarida, 25tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 5 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Aholi orasida (+25)
Aholi orasidagi yangi holatlarning eng ko‘p qismi Xorazm viloyatida qayd etildi - 10 holat. Viloyatda bugun jami 22 holat qayd etilib, shu vaqtgacha aniqlangan kasallanish holatlari soni 318taga yetdi - respublikada to‘rtinchi ko‘rsatkich. Shu vaqtgacha bemorlarning 240 nafari tuzalib chiqqan.

Bugun Toshkent shahrida aholi orasida 8ta yangi holat qayd etildi. Bir kun oldin Sergeli tumani hokimligida virus chiqqan, so‘nggi kunlarda Chilonzor, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa, Olmazor va Shayxontohur tumanlarida aholi orasida yangi kasallanish holatlari qayd etilmoqda.

Poytaxtda so‘nggi marta 3 iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanmagandi.

Toshkent viloyatida aholi orasida yana 5 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan. Bir kun oldin viloyatning O‘rta Chirchiq, Qibray va Parkent tumanlarida aholi orasida yangi holatlar aniqlangandi.

Shuningdek, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida aholi orasida bittadan yangi holatlar qayd etilgan.

Karantin (+220)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 179 holat aniqlandi.

Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida 18 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi.

Toshkent viloyatida bemorlar bilan aloqasi tufayli karantinga olingan 9 kishida virus chiqdi.

Shuningdek, Xorazm viloyatida karantindagilardan 10 kishida, Sirdaryoda 3 kishida, Buxoroda 1 kishida virusga chalinish holati qayd etilgan.

Haydovchilar (+5)
Xorazm viloyatida 2, Sirdaryo viloyatida 3 nafar xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Tuzalganlar (+161)
Bugun Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida jami 123 nafar bemor uyiga kuzatildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida, Qashqadaryo viloyatida 19 nafar, Navoiy viloyatida 14 nafar bemorga javob berildi, jami tuzalganlar soni 5038 nafarga yetgan.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2369 nafar bemordan 18 nafari og‘ir, 8 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

15 martda epidemiya boshlanganidan beri O‘zbekistonda 20 nafar bemor Covid-19 asoratlari oqibatida vafot etgan. Iyun oyida 5 o‘lim qayd etildi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top