18:02 / 27.06.2020
3784
Erkinlik, xolislik va xalq ishonchi - samarqandlik zabardast jurnalistlarning bayram fikrlari

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan o‘z so‘ziga ega bir qator samarqandlik jurnalistlar, soha faxriylari Kun.uz muxbirlari savollariga javob qaytarishdi.

Farmon Toshev, «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri, senator:

— Jurnalistikaning o‘z tamoyillari bor. Birinchidan, erkin gapira olish, fikrni izhor qila olish. Bu jurnalistikaning ham jamiyatning ham talabi. Ikkinchidan, adolatli xulosa chiqara olish, samimiyat... umuman, to‘g‘ri so‘z ayta olish tamoyili o‘zgaradigan narsalar emas. Har qaysi jamiyatda, har qaysi davlatda ham to‘g‘ri so‘zni faqat odamlarga yetkazish emas, ijtimoiy fikr ham uyg‘otish kerak.

— Jurnalistni «o‘ldiradigan» narsa nima?

— Bilasizmi, SO‘Zdan obro‘ topib bo‘lmaydi. Agar bu so‘zning ichida odamning yuragi bo‘lmasa, jamiyatdagi muammolar ta'siridagi og‘riq bo‘lmasa, faqatgina qaysidir vaziyatlardan foydalanib obro‘ olishga intilsa, siz aytgan narsa sodir bo‘ladi.

Bugun bizni qadrlashyapti. Oldin ham qadrlashgan, lekin ishonishmagan. Bugun ishonch ham bor. Ijro organiga ishonmagan odam bizga ishonyapti. Ammo shu bilan birga nimaningdir ilinjida yurgan manfaatparastlar ham bizga ishonyapti. Odamlar ommaviy axborot vositalarini kuzatishi biz uchun katta baxt. Shuni his qilaylik. Yuragimizga quloq tutaylik. 

Dilfuza Zaripova, «Bekajon plyus» gazetasi muharriri:

— Xususiy va davlat nashrlari orasida ulkan bo‘linish borday nazarimda. Hali ular bitta oqimga qo‘shila olganlari yo‘q. 

Yutuqlarimizmi? Erkin so‘z aytish imkoni oshdi, deb hisoblayman. Shu bilan birga doim barchaning huquqini himoya qilishga otlangan hamkasblarimiz ba'zan o‘z huquqini himoya qila olmay qolgani meni tashvishlantiradi.

Jurnalist qachon ishidan natija ko‘rsa kasbidan qoniqadi. Tilagim mana shu — o‘z kasbidan qoniqish hissi bo‘lsin har doim.

Gulruh Mo‘minova, «Zarafshon» gazetasi muxbiri:

— Faoliyatingiz davomida biror maqolangiz chiqishini rahbariyat istamagan vaqtlar ham bo‘lganmi?

— Bo‘lgan! Tabiiyki bu tanqidiy maqola bo‘lgan. Ammo bunda maqsad faqat maqolaning to‘xtalishi bo‘lmagan. O‘sha holatda maqolada tilga olingan muammoni tegishli odamlarga yetkazib, hal etish imkoni bor edi. Aslida maqola yozilishidan maqsad ham shu-ku, muammoga yechim topish.

— Siz jasorat nuqtayi nazardan «chegarangizga» yetib borganmisiz?

— Hali aytilmagan gaplar bor. Hatto yoritilishini orzu qiladigan mavzularimiz ham ko‘p. Bunday mavzularni respublikadagi «manaman» degan nashrlar ham ko‘taryapti, deb o‘ylamayman.

To‘g‘risi, jurnalistlar kunidan biroz iymanaman. Tabriklashsa, «hali nima ish qilibmanki» degan savol ichimda aylanaveradi. Albatta, hamma sohaning nishonlanadigan kuni bor. Ammo bizning soha kasb bayrami OAVda juda ko‘p yoritiladi. Yuqoridagi sabab bilan biroz tortinish ham bo‘ladi.

Toshpo‘lat Rahmatillayev, faxriy jurnalist:

— Jurnalistning chegarasi, yoki u qo‘rqishi lozim bo‘lgan nimadir bo‘lishi kerakmi?

— Aslida bo‘lmasligi kerak. Agar, birinchidan, mamlakatda qonun ustuvor bo‘lsa. Ikkinchidan, sud faqat qonunga tayanib ishlaydigan bo‘lsa va uchinchidan, kuchli fuqarolik jamiyati shakllangan bo‘lsa. Agar mana shu uch faktor mavjud bo‘lsa, jurnalist qo‘rqmasdan, etika qoidalariga rioya qilgan holda yozishi kerak.

Bir kun kelib, mana biz haqiqiy, huquqiy demokratik davlat qurib, jurnalistikamiz oyoqqa turdi degan vaqtda, biz ham baralla, boshimizni egmasdan, «biz ham mana shu jarayonda edik, biz ham qatnashgan, o‘z mehnatimiz bilan hissa qo‘shgan edik» deb ayta olaylik. Hamkasblarimizga shuni aytmoqchiman.

Anvar Mustafoqulov, Isomiddin Po‘latov — Kun.uz muxbirlari.
Faxriddin Hotamov, tasvirchi.

Top