00:07 / 27.06.2020
33061

«Forel balig‘ini har bir dasturxonga yetkazib bermoqchimiz» - Namangandagi intensiv baliqchilik loyihasi haqida

Prezidentning Namangan viloyatiga tashrifi doirasida Uchqo‘rg‘on tumanidagi «DB Group Eco» MChJ tomonidan intensiv usulda baliq yetishtirish loyihasi bilan ham tanishdik.

Korxona ta'sischisi Azizbek Daminovning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbarining 2018 yildagi tashrifi vaqtida ushbu loyiha taqdimoti o‘tkazilgan.

«2018 yil may oyida davlat rahbarining tashrifi paytida loyihamizni taqdimot qilgan edik. Ishimiz ma'qul bo‘lgani uchun bizga 20 gektar yer maydoni ajratildi va intensiv baliq xo‘jaligini yo‘lga qo‘yish topshirig‘i berildi.

O‘sha yil oxirigacha 5 gektar maydonda loyihamiz ish boshladi. Keyingi yil boshidan esa Daniyadan baliq uvildiriqlarini olib kelib yetishtirishga kirishdik. Oradan bir yarim yil o‘tgach, ilk mahsulotlarimizni ola boshladik. Loyihamizda yiliga 2 ming tonna forel balig‘ini yetishtirish reja qilingan. Hozir respublikaning yirik savdo tarmoqlariga baliq yetkazib berish bilan shug‘ullanyapmiz.

Hokimligimiz bizga yana 50 gektar qo‘shimcha yer ajratib berdi. Biz bu hududda qo‘shma korxona tashkil etishni rejalashtiryapmiz. Bu korxonada bir gektaridan 10 tonna mahsulot olamiz va loyiha 2022 yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda biz supermarketlarga yuborayotgan forel balig‘ining 1 kilogrami 50 ming so‘m atrofida. Oldin bu narx 100 ming so‘mdan kam emasdi. Eksport uchun berilayotgan imtiyozlar tufayli xorij bozoriga 4 dollardan eksport qilinishi rejalashtirilgan. Yiliga 2 million dollarlik mahsulot eksport qilish maqsad qilingan.

Alohida ishlab chiqarish seximiz ham bor va unda forel muzlatilgan holda, shuningdek, sovuq va issiq dudlangan, file va kam tuzlangan holatda ichki bozorga chiqarilmoqda.

Bundan tashqari, Namangan tabiati ham baliq yetishtirish uchun juda mos. Bu ham bizga ishlab chiqarishni rivojlantirishga yordam beradi. Joyimiz ham juda qulay, Norin daryosidan suv olamiz va oqib o‘tgan suv yana shu daryoga tushaveradi», – dedi korxona ta'sischisi.

Korxona faoliyati bilan tanisharkanmiz, bu yerda losos balig‘i ham yetishtirilishiga guvoh bo‘ldik. Forel ham, losos ham ancha noyob baliqlar turiga kiradi. Qolaversa, har ikkisi ham juda nozik, faqat ma'lum sharoitdagina o‘sib ko‘payadi.

Norin daryosining Uchqo‘rg‘on tumanidan o‘tgan qismi «DB Group Eco» korxonasi tomonidan bejiz tanlanmagan. Har ikki baliq ham maxsus yaratilgan hovuzlarda ko‘paytirilmoqda.

«Hududimizning o‘ziga xos jihati – xonbaliq deb ataladigan forel tabiiy sharoitda ham uchraydi, baliqchilarimiz ovlab turishadi. Lekin bizning istagimiz – butun O‘zbekiston xalqi shu ne'matni suyib tanovul qilsin. Baliqchilik rivojlangani sari bunday imkoniyatlar kengayaveradi.

Davlat rahbari ham korxonamizga tashrifi chog‘ida har bir xonadon dasturxoniga bu mahsulot yetib borishi zarurligini alohida ta'kidladilar», – dedi Azizbek Daminov biz bilan suhbatda.

Uchqo‘rg‘on tumanidagi bu tajriba Namanganning Mingbuloq, Uychi, Pop va Norin tumanlarida ham turli shaklda tatbiq etilib, salkam 300 milliard so‘m qiymatga ega 75ta yangi loyiha amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Abror Zohidov

Top