22:21 / 27.06.2020
73284
Koronavirus: O‘zbekistonda kunlik tuzalish holatlari soni bo‘yicha rekord yangilandi

Sog‘liqni saqlash vazirligi kun davomida 202 bemor tuzalib, kunlik tuzalishlar soni bo‘yicha yangi rekord qayd etilgani va shu vaqtgacha tuzalib chiqqanlar soni 5240 nafarga yetgani haqida xabar berdi.

Toshkentdagi Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasida 82 nafar, Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasida 50 nafar, shahar 1-son klinik shifoxonasida 45 nafar, jami 177 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor sog‘ayib, o‘z uyiga kuzatildi.

Bundan avvalroq Xorazm viloyatida 18 nafar, Toshkent shahridagi  Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 7 nafar, jami 25 nafar koronavirusga chalingan bemor tuzalib, o‘z uylariga kuzatilgani xabar qilingandi. 

Shu tariqa, bugun jami 202 nafar bemor koronavirus infeksiyasidan forig‘ bo‘ldi va sog‘ayish ko‘rsatkichi bo‘yicha yangi rekord o‘rnatildi.

«E'tiborli jihati, bugunning o‘zida poytaxtimizdagi tibbiyot muassasalarida 184 nafar bemor koronavirus infeksiyasidan forig‘ bo‘lib, ayni paytgacha Toshkent shahri va viloyatida Covid-19’dan sog‘ayganlar soni 3044 nafarga yetdi.

Hozirda mamlakatimiz bo‘ylab sog‘ayganlar soni 5240 nafarni tashkil etmoqda. Endilikda shifokorlarimiz yurtimizning turli hududlarida 2291 nafar bemorni belgilangan standartlar asosida davolamoqdalar», deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 25 iyun kuni 192 nafar bemor tuzalib rekord qayd etilgandi. 

26 iyun kuni esa mamlakatimizning turli hududlaridagi tibbiyot muassasalaridan 161 nafar bemor kuzatildi. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top