09:58 / 27.06.2020
11878
«Yiliga 1,65 mln kvadrat mahsulot ishlab chiqarishni mo‘ljallayapmiz». 15 mln dollarlik kafel eksport qilmoqchi bo‘lgan Namangandagi zavodga sayohat

Namangan haqida qonuniyat darajasidagi umumiyliklarga nazar tashlash foydadan xoli bo‘lmaydi. Bu viloyatda yashovchi har bir odamning tadbirkorlikka, dehqonchilikka uquvi bordek tasavvur uyg‘onadi va bu tasavvurda jon borligiga bir necha marta amin bo‘ldik.

Dehqonchilikda, ayniqsa so‘nggi yillarda shiddat bilan rivojlanayotgan issiqxona yo‘nalishida deyarli har bir mahallada shug‘ullanishadi. Viloyatning to‘qimachilik sohasidagi yutuqlari ham unga “tekstil poytaxti” degan nom bejiz qo‘llanmayotganini anglatadi. Eng muhimi – har qanday loyiha, xoh u ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘lsin, xoh minglab issiqxonalar majmuasi bo‘lsin, juda katta masshtabda boshlangan va ularni amalga oshishi hatto qiyindek tuyiladi. Lekin har birining egalari xotirjam, bemalol yurita olishlariga ko‘zlari yetadi.

Davlat rahbarining Namanganga tashrifi doirasida bir guruh jurnalistlar viloyatdagi qator obektlarga bordik va har biriga oid qiziqarli ma'lumotlar bilan tanishdik.

Art Soft ceramics holding kompaniyasiga tashrifimiz chog‘ida bizga kompaniya kuzatuv kengashi raisi Olimjon Boboxonov hamrohlik qildi. Prezidentga «Yuksalish» kichik sanoat zonasidagi mana shu holding tarkibiga kiruvchi «Flat Tile» mas'uliyati cheklangan jamiyatning kafel-keramika mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi taqdim etilgan.

– Keramik plitalar (kafellar) ishlab chiqarishni boshlashimizga sabab bu mahsulotga ichki va tashqi bozorda ehtiyojning juda yuqoriligi bilan bog‘liq. Hozirgi kunda O‘zbekiston bozoridagi 55 foizgacha keramika mahsulotlari import qilinadi.

Davlat rahbari ham birinchi navbatda mana shu jihatga e'tibor qaratdi. Mahsulotni tezroq mahalliylashtirish, eksport hajmini oshirish bilan birga kun sayin rivojlanayotgan qurilish sohasiga sifatli mahsulot yetkazib berishimiz zarurligini ta'kidladi. Qolaversa, prezidentimiz ishchilarimizga yaratilayotgan sharoitlar, ish o‘rinlarini oshirish bilan ham qiziqdi.

Bu borada ko‘nglimiz to‘q, ishchilarimiz bemalol ishlashlari va dam olishlari uchun zarur sharoitlar yaratilgan, issiq ovqatlarni vaqtida beramiz. Asosan yoshlardan iborat xodimlarimiz safini ham kengaytirib boryapmiz. Sababi, uzluksiz jarayon bo‘lgan ishlab chiqarishimiz sur'ati tushmasligidan birinchi navbatda o‘zimiz manfaatdormiz.

·        Qiymati 125 milliard so‘mga teng loyihaga tashabbuskorlar jamg‘armasidan 73 milliard so‘m va 52 milliard so‘m bank krediti sarflanadi.

Aholi jon boshiga mahsulot ishlab chiqarish foizini oshirmoqchimiz

– Rivojlangan davlatlarda keramika mahsulotlari ishlab chiqarish aholi jon boshiga yiliga o‘rtacha 5 kvadrat metrdan to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda esa keramika ishlab chiqarish quvvati o‘rtacha 0,7 kvadrat metrga teng. Biz bu ko‘rsatkichni 1-2 kvadrat metrga yetkazishni maqsad qilganmiz, lekin bu ham baribir yuqori ko‘rsatkich emas.

Shuning uchun o‘z zavodimizda zamonaviy texnologiyalar asosida keramika mahsulotlari ishlab chiqaryapmiz. Zavodimiz 1250 daraja issiqlikda uzluksiz ishlaydigan, yuqori quvvatdagi yetakchi texnologiyali ishlab chiqarish obekti hisoblanadi. Zavod ishlarini kengaytirish uchun ayni paytda yana 126 ish o‘rni yaratilyapti.

Xomashyo asosan o‘zimizniki

– Zavodimizda kuniga 5 ming, oyiga 150 ming, yiliga 1 million 650 ming kvadrat mahsulot ishlab chiqarishni mo‘ljallayapmiz. 

40-45 foiz xomashyoni Chust tumani hududidan keltiramiz. Kafel ishlab chiqarishda, asosan, oq va qizil kaolin, glazur ishlatiladi. Umumiy hisobda deyarli barcha xomashyo O‘zbekistonning o‘zida mavjud. Davlat rahbari bu jihatga ham e'tibor qaratib shunday dedilar:

– O‘zbekistonimizdek foydali qazilmaga boy zamin kam. O‘zimizda shunday yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun g‘oyat keng imkoniyatlar, tabiiy resurslar bo‘la turib, ularni import qilardik. Nega? Chunki zamonaviy geologik tadqiqotlar, ekspeditsiyalar qilmasdik, ilm-fan orqali masalalarga yondashmasdik. Endi xomashyodan to‘g‘ri, unumli foydalanish, undan bugungi kun talablariga javob beradigan tovarlar ishlab chiqarish uchun ilmiy asoslangan yechimlar topish vaqti keldi!

Bundan 3 yil oldin ishlab chiqarish ilk bor yo‘lga qo‘yilganda tanlab olingan xodimlar malaka Xitoyga malaka oshirish uchun yuborilgan. Jihozlar ham eng zamonaviy va ishonchli kompaniya texnologiyalari asosida o‘rnatilgan.

Hozir zavodimiz sohada nafaqat Namanganda, balki O‘zbekistonda ham yetakchi ishlab chiqarish tarmoqlaridan biri hisoblanadi.

Mahsulotimiz tannarxi arzon, sababi...

Zavodda 7 turdagi mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Mahsulot 1 kvadrat metrining tannarxi 2 dollardan oshmaydi, bozordagi import kafellar narxi esa 6 dollardan arzon emas. Bizda narxning arzon bo‘lishiga bir qancha sabablar bor:

·        Xomashyo o‘zimizniki, chetdan deyarli hech narsa keltirilmaydi;

·        Ishlab chiqarish eng ilg‘or texnologiyalarga asoslangan;

·        Texnologiyalar energiyatejamkor.

Bularning hammasi bizga arzon va sifatli mahsulot chiqarishga va nafaqat ichki, balki tashqi bozorni ham egallashga yordam beradi. Hozir ishlab chiqariladigan keramika mahsulotlarining 60 foizgachasi eksportga yo‘naltirilishi rejalashtirgan. Eksportning dastlabki manzillari sifatida esa MDH davlatlari va BAAni tanladik, – deya o‘z faoliyati haqida so‘zlab berdi Olimjon Boboxonov.

Olimjon bilan suhbat jarayonida zavod hududida juda katta bo‘sh hudud tekislab qo‘yilganiga guvoh bo‘ldik. Buning sababi haqida so‘raganimizda, u “siz ko‘rib turgan zavodimiz umumiy rejamizning bir qismi xolos, bu maydonda biz kelgusi yilda yanada kattaroq quvvatdagi ishlab chiqarish liniyasi qurilishini boshlaymiz. O‘shanda ishlab chiqarish hajmi ham, ishchi o‘rinlar soni ham karrasiga oshadi”, – deya javob berdi.

·        Yiliga 35 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratiladigan loyiha bosqichma-bosqich 2021 yilning II choragida ishga tushiriladi va 410 ta ish o‘rni yaratiladi, shuningdek, yiliga 15,3 million dollarga teng eksport qilish ko‘zda tutilgan.

Zavodning tayyor mahsulotlar stendiga ko‘z yugurtirdik. Chindan ham tayyor kafellar bu mahsulot bozorini egallagan Xitoy va Eron kafellarida qolishmaydi, bezaklari ham nafis, silliqligi va pishiqligi ham yaxshi, eng muhimi hamyonbop. Demak davlat rahbari tashrifida ishga tushgan bu yirik zavod mahsulotlari bozorda o‘z o‘rnini topa oladi.

Abror Zohidov

Top