23:39 / 27.06.2020
4552
Pensiya jamg‘armasining Toyloq tuman bo‘limi xodimi 108,4 mln. so‘m miqdoridagi pensiya pullarini o‘zlashtirgani aniqlandi

Pensiya jamg‘armasining Toyloq tuman bo‘limi xodimi “Pensiya” dasturidan foydalangan holda 108,4 mln. so‘m miqdoridagi pensiya pullarini o‘zlashtirgan. Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining ma'lum qilishicha, o‘zlashtirilgan pullar 10 nafar pensioner nomiga o‘tkazilgan.

«Pensiya jamg‘armasining Toyloq tuman bo‘limi xodimi I.R. tomonidan bo‘limning pensiya va nafaqalar to‘lovi monitoring guruhi inspektori Z.A. hamda Pensiya jamg‘armasi Samarqand viloyat boshqarmasining Mablag‘larni boshqarish, pensiya va nafaqalar to‘lov monitoringi bo‘limi boshlig‘i A.R.larning “Pensiya” dasturidan foydalanadigan va sir saqlanishi zarur bo‘lgan login hamda parollarini qo‘lga kiritib, ulardan foydalangan holda o‘zi istiqomat qilib kelayotgan mahallada yashovchi 10 nafar pensioner nomiga o‘tgan davr uchun asossiz pensiya pullarini dasturga kiritgan natijada 90,8 mln.so‘m miqdoridagi jamg‘arma mablag‘larini o‘zlashtirib yuborganligi aniqlandi», deyiladi Pensiya jamg‘armasining axborot xizmati xabarida.

Qayd etilishicha, jamg‘armaning ichki audit va moliyaviy nazorat, pensiya va nafaqalarni tayinlash monitoringi boshqarmasi 2019 yil davomida pensiya oluvchilarga o‘tgan davr uchun to‘langan mablag‘larning qonuniyligi tanlov asosida kameral tartibida masofadan turib o‘rganganda Toyloq tumanida jami 12 holatda 108,4 mln. so‘m miqdoridagi mablag‘ o‘zlashtirilganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, 2 holatda aniqlangan 17,6 mln.so‘m mablag‘lar esa I.R.ning ehtiyotsizligi oqibatida o‘z mahallasida yashovchi pensionerlar nomiga ochilgan plastik kartalariga asossiz pensiya o‘tkazilgan.

«O‘rganish davomida I.R. pensiya pullarini o‘zlashtirishning puxta rejalashtirilgan va hech kimning xayoliga kelmagan yo‘lini topgani ma'lum bo‘lgan.

Misol uchun, Toyloq tumanida yashovchi E.A.ning hech qanday to‘xtatishlarsiz bir maromda to‘lanib kelinayotgan 718,2 ming so‘m miqdoridagi pensiya puliga hech qanday sabablarsiz 2019 yil oktabr oyida 13,6 mln.so‘m miqdorda o‘tgan davr uchun to‘lov (doplata) qo‘shilgan holda, to‘lovga chiqarilgan. Pensionerning o‘zi ushbu holatdan mutlaqo habarsiz qolishi uchun, pensiya pulining 10 foizi naqd pul ko‘rinishida, 90 foizi bank plastik kartochkasiga o‘tkazilgan.

13,6 mln.so‘m shunday puxta tayyorlanganki, pensiyasining hamda qo‘shimcha chiqarilgan asossiz pensiyaning 10 foiz miqdorini qo‘shganda avvalgi oyda to‘lab kelingan summa bilan bir xil qilib, fuqaro sezmaydigan holatga keltirilgan va bunda pensionerga avvalgi oylardagi kabi, 718,2 ming so‘m pensiya puli naqd pul ko‘rinishida Xalq banki tomonidan to‘lab berilgan, qolgan 13,6 mln.so‘m mablag‘ esa tuman Agro bankda ochilgan bank plastik kartochkasiga tushirilib, o‘zlashtirilgan. Xuddi shu kabi yo‘llar bilan bo‘lim mutaxassisi I.R. yana 9 nafar pensioner nomiga qo‘shimcha pensiya pullarini yozib, o‘zlashtirib kelgan.

Hozirgi kunda, Pensiya jamg‘armasining Toyloq tuman bo‘limi xodimi sobiq xodimi I.R. tomonidan o‘zlashtirilgan 108,4 mln. so‘m pensiya pullari Jamg‘arma hisobiga ixtiyoriy ravishda to‘liq undirilgan bo‘lib, o‘tkazilgan o‘rganishlar yuzasidan to‘plangan tekshirish materiallari va hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish idoralariga taqdim qilindi», deyiladi rasmiy xabarda.

Top