09:30 / 27.06.2020
3950
SamDTIda COVID-19 bemorlariga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish mavzuida xalqaro konferensiya o‘tkazildi

So‘nggi bir necha oy davomida dunyoda keng tarqalgan koronavirus infeksiyasi sababli ko‘plab davlatlarda epidemiologik vaziyat bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelayotgani sir emas. Shubhasiz, davlat va sog‘liqni saqlash muassasalarining asosiy maqsadi Covid-19 dan aholini himoya qilish, salomatligini mustahkamlash va karantin qoidalariga rioya qilgan holda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta'minlashdir.

Xususan, yurtimizda ham aholi salomatligini saqlash va yaxshilash imkonini beradigan sifatli sog‘liqni saqlash tizimini yaratish, imkon boricha ushbu vaziyatdan kam talafot bilan chiqish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti tomonidan BMT, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining mamlakatimizdagi vakolatxonasi va Rossiya Federatsiyasining Astraxan davlat tibbiyot universiteti, Ryazan davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya ham shu maqsadda tashkil etildi.  

SamDTI rektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Jasur Rizayev
JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lianne Kuppens

Onlayn konferensiyada Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Lianne Kuppens koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda mamlakatimizda olib borilayotgan ishlarni ijobiy baholadi.

Mazkur tadbir davlat rahbarining 2020 yil 26 martda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 4649-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida o‘tkazildi.

Xalqaro konferensiyada O‘zbekistonda COVID-19 bilan kurashishda JSST o‘rni va tashkilot bilan hamkorlik qilish istiqbollari, O‘zbekiston sharoitida COVID-19 bilan kurashishning ustuvor vazifasi, roli, bemorlar terisidagi alomatlar, Rossiya Federatsiyasi tibbiyot muassasalarining COVID-19 profilaktikasi va uni davolash borasidagi tajribalari, kasallik bilan kurashishda SamDTI professor-o‘qituvchilarning o‘rni, mamlakatimizda birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish muassasalarida virusning tarqalishi profilaktikasi chora-tadbirlarini algoritmi, koronavirus va homiladorlik masalalari, bolalarda koronavirus infeksiyasi profilaktikasi, tashxisi va davolash xususiyatlari, koronavirus infeksiyasi va yurak-tomir tizimi kasalliklari, infeksiyaning nevrologik xususiyatlari, uning og‘ir kechishida intensiv terapiya masalalari, stomatologiyada COVID-19 ko‘rinishlari kabi dolzarb masalalar muhokama etildi.

Aytish mumkinki, bu kabi anjumanlar mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi profilaktikasi, uni tashxislash va davolashda zamonaviy tibbiyotning yutuqlari, jahon mamlakatlari tajribasini jalb qilishga qaratilib, ushbu kasallikni yengishga o‘z hissasini qo‘shadi.

SamDTI matbuot xizmati

Top