20:55 / 27.06.2020
56870

Toshkentda temiryo‘lchi, konduktor va ichki ishlar tizimi xodimida virus chiqqan - SSV

26 iyun kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod va Chilonzor tumanlarida aholi orasida yangi kasallanish holatlari qayd etilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 26 iyun kuni Toshkent shahrida aholi orasida qayd etilgan kasallanish holatlari bo‘yicha batafsil ma'lumotlarni taqdim etdi.

«So‘nggi kunlarda Toshkent shahrida aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari boshqa hududlarga qaraganda yuqori bo‘lib kelayotgan edi. Kechagi holatda esa biroz pasayganini ko‘rish mumkin.

Avval xabar qilganimizdek, 25 iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 276 nafar bemordan 24 nafari aholi orasida aniqlangan bo‘lsa, 26 iyun kuni esa 250 nafar bemordan 25 nafari aholi orasida tasdiqlanib, shundan 8 nafari Toshkent shahrida aniqlandi.

Ikki kunlik ma'lumotga ko‘ra, umumiy kasallanish ko‘rsatkichi biroz kamaygan, aholi orasida koronavirusga chalinish holati esa biroz oshganini ko‘rish mumkin», deyiladi xabarda.

Ma'lum qilinishicha, Toshkent shahrida Mirzo Ulug‘bek tumanida yashovchi A.Z.da (profilaktika maqsadida namuna topshirgan), «Logistika universal markazi» MChJ xodimi G.S.da, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ xodimi H.Q.da (Toshkent viloyati Qibray tumanidagi qarindoshining uyiga borgan) kasallik aniqlangan.

Shuningdek, Yunusobod tumanida yashovchi Sh.A.da (profilaktika maqsadida namuna topshirgan), shahar ichki ishlar tizimi xodimi F.G.da, poytaxtdagi avtosaroy konduktori S.D.da, Chilonzor tumanida yashovchi M.X.da (tana harorati ko‘tarilgani sababli namuna topshirgan) ham koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

«Ayni vaziyatda Sog‘liqni saqlash vazirligi aholi orasida koronavirusga chalinish xavfi yuqoriligi bois poytaxtimiz aholisi va mehmonlaridan karantin qoidalariga qat'iy amal qilishlarini so‘rab qoladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top