00:30 / 29.06.2020
105444
6 hududda aholi orasida yangi holatlar aniqlandi

28 iyun kuni O‘zbekistonda 266ta yangi zararlanish holati tasdiqlandi (jami 7948 holat), 2 kishi vafot etdi va 89 nafar bemor sog‘aydi. Shu vaqtgacha 5329 bemorga javob berilgan, 22 kishi vafot etgan, shifoxonalarda 2597 nafar bemor davolanmoqda.

Bugun 7 hududda - Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Andijon, Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida yangi holatlar qayd etildi. SSV matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida bemorlar qayd etilishi va sog‘ayishi bo‘yicha ko‘rsatkichlar jadvalini keltirdi.

Bugungi 266 holatdan 247tasi karantin muassasalarida, 16tasi aholi orasida aniqlangan, xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bo‘lgan 3 kishiga ham virusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Aholi orasida (+16)
Bugun olti hududda aholi orasida yangi kasallanish holatlari aniqlandi. Ancha vaqtdan buyon ilk marta Andijon viloyatida aholi orasida yangi holatlar qayd etildi - 6 kishi virusga chalingani ma'lum bo‘ldi. Andijonda bugun jami 14 kishida virus aniqlandi - shu vaqtgacha qayd etilgan holatlar soni 209dan oshdi. Shundan 181 bemor sog‘aygan, shifoxonalarda 26 bemor davolanmoqda.

Samarqand viloyatida aholi orasida 4 holat qayd etildi. Ayni vaqtda viloyatdagi tibbiyot muassasalarida 46 bemor davolanmoqda.

Bugun shuningdek, Qoraqalpog‘istonda aholi orasida 2 bemor aniqlandi (ketma-ket ikkinchi kun), Toshkent shahrida ham 2 holat qayd etildi (bu so‘nggi vaqtlarda poytaxtda aholi orasida qayd etilgan eng kam holatdir), Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida ham bittadan yangi bemorlar aholi orasida aniqlandi.

Karantin (+247)
Xorijdan kelgach Toshkent viloyatidagi O‘rtasaroy karantin markaziga joylashtirilgan fuqarolar orasida 202 holat aniqlandi.

Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, karantinga olingan fuqarolar orasida 11 kishiga virusdan zararlanish tashxisi qo‘yildi.

Toshkent viloyatida bemorlar bilan aloqasi tufayli karantinga olingan 10 kishida virus chiqdi.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida karantindagilardan 14 kishi, Andijon viloyatida 8 kishi, Qoraqalpog‘istonda 2 kishi virusga chalingani ma'lum bo‘lgan.

Haydovchilar (+3)
Qoraqalpog‘iston Respublikasi 2, Sirdaryo viloyatida 1 nafar xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchisiga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgan.

Tuzalganlar (+89)
28 iyun davomida 89 nafar bemor sog‘aydi. Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida 75 nafar, Qashqadaryo viloyatida 14 nafar bemorga javob berildi.

Hozirda kasallik qayd etilgan jami 7948 nafar bemordan 5329 nafari sog‘ayib, davolanish ko‘rsatkichi 67 foizni tashkil etmoqda.

O‘lim (+2)
Koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekistonda ilk marta bir kunda ikki o‘lim holati e'lon qilindi. 14 iyun kuni O‘rta Chirchiqdagi karantin markazida ish boshlagan shifokor xizmat vaqtida koronavirusga chalingan, 23 iyun kuni unda kasallik aniqlangan, 26 iyun kuni vafot etgan. Shuningdek, 22 iyun kuni koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilib, Toshkent tibbiyot akademiyasining ko‘p tarmoqli klinikasiga yotqizilgan bemor 28 iyunda olamdan o‘tgan. Endilikda O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 22tani tashkil etmoqda.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2597 nafar bemordan 18 nafari og‘ir, 6 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Hozirda O‘zbekistonda uy karantinida 40 120 nafar, statsionar karantinda esa 23 432 nafar fuqaro tibbiy kuzatuvda bo‘lib turibdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top