19:53 / 29.06.2020
49937
Britaniyalik prokurorlar Gulnora Karimova jazo o‘tayotgan qamoqxonaga kelishlari mumkin

Buyuk Britaniya prokurorlari ushbu mamlakatda muzlatib qo‘yilgan qiymati 29 mln dollarlik mulklar to‘g‘risidagi ishni yakunlash uchun Gulnora   Karimova jazo o‘tayotgan qamoqxonaga kelishlariga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Foto: Getty Images

Bloomberg agentligining Britaniyaning O‘ta yirik miqdordagi tovlamachiliklarga qarshi kurashish byurosiga (Serious Fraud Office – SFO) tayanib xabar berishicha, sud qarori chiqarilganiga ikki yil bo‘lganiga qaramasdan, Gulnora Karimova va mazkur ish bo‘yicha uning sherigi Rustam Madumarov ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tashayotgani uchun bu hujjatni ularga berishning imkoni bo‘lmagan.  

SFO 2018 yil oktyabrda Gulnora Karimova va uning sobiq turmush o‘rtog‘i Rustam Madumarovning Buyuk Britaniyadagi mulklarini xatlash bo‘yicha ushbu mamlakat  oliy sudiga da'vo kiritgandi. Byuroning bildirishicha, bu mulklar ularning O‘zbekistondagi korrupsion kelishuvlardan olgan daromadlariga sotib olingan.

Gap Surrey grafligidagi qasr va Londonning nufuzli rayonlarida joylashgan ikkita kvartira haqida bormoqda:

- Karimova Surrey grafligidagi Gorse Hill Manor nomli yirik mol-mulkni 2010 yilda 18 mln funt sterlingga ($23,5 mln) sotib olgan. Hozirda bu obekt 30 mln funt ($39 mln) turadi;

- Londondagi kvartiralardan biri Meyfer rayonida bo‘lib, 8 mln funt ($10,4 mln), ikkinchisi Belgraviya rayonida bo‘lib, 2 mln funtov ($2,6 mln) turadi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova, Rustam Madumarov, kichik Islom Karimov (Gulnora Karimovaning o‘g‘li) hamda PORCHESTER INDUSTRIES LIMITED, OREGON GROUP LIMITED, RAWTENSTALL INTERNATIONAL LIMITED kompaniyalari ushbu mol-mulklarning egasi hisoblanadi.

Bloomberg maqolasida yozilishicha, britaniyalik prokurorlarning Londonga tashrifi koronavirus pandemiyasi bois ham kechikkan va ular endilikda O‘zbekiston Bosh prokuraturasining yordamiga umid qilmoqda.

O‘tgan haftada bo‘lib o‘tgan sud eshituvlarida Gulnora Karimovaning himoyasi tomonidan uning o‘g‘li – kichik Islom Karimov ishtirok etdi. Uning advokati Xyugo Keyt mulklarni muzlatib turish to‘g‘risidagi qarorning uzaytirilishiga qarshilik bildirmadi.

Advokat Keytning so‘zlariga ko‘ra, uning mijozi Islom Karimov onasi Buyuk Britaniyadagi mulklarni qonuniy yo‘l bilan sotib olganiga ishonadi, ammo buni isbotlash uchun u bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish kerak. Uning fikricha, O‘zbekistonda buni amalga oshirishning deyarli imkoni yo‘q.

Avvalroq O‘zbekiston Moliya vazirligi Gulnora Karimovaning Parijdagi ko‘chmas mulk sotuvidan tushgan 10 mln dollardan ortiq mablag‘ qayerlarga sarflangani haqida ma'lumot bergandi.

Top