01:08 / 29.06.2020
6557
Farhod Arziyev: «Xorijdagi salohiyatli vatandoshlarga taraqqiyotimiz drayverlaridan biri sifatida qarayapmiz»

O‘zbekistonda chet eldagi vatandoshlarni mamlakat rivoji uchun hissa qo‘shishga jalb etish maqsadida ularga muayyan yengilliklar yaratib berish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 26-27 iyun kunlari Namanganga tashrifi ortidan, 28 iyun kuni viloyat markazida Xalqaro press-klub sessiyasi tashkil etildi.

Sessiyada Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev chet elda istiqomat qilayotgan vatandoshlarning salohiyatidan foydalanish, ularni vatanga investitsiya kiritishga rag‘batlantirish bo‘yicha rejalar haqida gapirdi.

«Davlatimiz rahbarining Namanganga tashrifi nihoyasidagi katta yig‘ilishda o‘sish nuqtalari – drayverlar haqida gapirildi. Biz bugungi kunda xorijdagi vatandoshlarimizni ham taraqqiyotimizga u yoki bu shaklda xizmat qiluvchi drayverlar sifatida qarayapmiz.

Dunyoning juda ko‘p davlatlarida vatandoshlarimiz istiqomat qilishyapti. Vatandoshlar haqida gapirganda turli toifa insonlarni tushunishimiz kerak. Ular orasida salohiyatli investorlar, turli xalqaro tashkilotlarda muhim vazifalarni egallab turgan odamlar, olimlar, talabalar va albatta mehnat muhojirlari sifatida ishlayotgan vatandoshlarimiz bor.

Tashqi ishlar vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan hamkorlikda xorijdagi vatandoshlarimizning investitsion salohiyatini, ularning bilim va tajribasini O‘zbekistondagi taraqqiyot jarayonlariga jalb etish, mana shu o‘sish nuqtalari bilan bog‘lash ustida ishlamoqda.

Shu masalaga alohida e'tibor qaratyapmiz. Bugungi kunda davlatlar kesimida va viloyatlar kesimida xorijdagi salohiyati yuksak vatandoshlarning ro‘yxatini shakllantiryapmiz. Va ularni qaysi yo‘nalishlarga jalb etish mumkinligini o‘rganyapmiz.

Namangan viloyati misolida gapiradigan bo‘lsak, bugungi kunda 17ta investitsion loyiha ro‘yxati shakllangan bo‘lib, ularning hammasi – turli davlatlarda turli yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatayotgan vatandoshlarimizning bevosita ishtirokidagi loyihalar.

Bu loyihalarda vatandoshlarimiz tomonidan kiritiladigan investitsiyalar miqdori 250 mln dollarga yaqinni tashkil etadi. Bu 17ta loyihaning egalari – Turkiya, BAA, Rossiya, Yevropa davlatlari, Xitoy va boshqa mamlakatlardagi vatandoshlarimizdir.

Dunyo tajribasiga qaraydigan bo‘lsak, Turkiyada ham, Xitoyda ham, Hindistonda, Yevropa davlatlari, masalan Italiya va Irlandiyada ham shunday tajriba bo‘lgan – o‘z vaqtida xorijda shakllangan diasporalarning salohiyati mamlakat taraqqiyotiga jalb qilingan.

Xitoy misolida olsak – ularning diasporasini xuatsyao deyishadi – 90-yillarda xorijdan Xitoyga kirib kelgan investitsiyalarning salkam 90 foizi bevosita xorijda yashayotgan xitoyliklar bilan bog‘liq bo‘lgan.

Bugungi kunda bu ko‘rsatkich taxminan 60 foizni tashkil qiladi. Dollarga chaqadigan bo‘lsangiz, so‘nggi yillarda Xitoyga kirib kelayotgan taxminan 350 milliard dollarlik investitsiya bevosita xorijda yashayotgan xitoyliklar tomonidan kiritilgan.

Bu yo‘nalishga biz taraqqiyotimiz uchun o‘sish nuqtalaridan biri sifatida qarayapmiz», – dedi Arziyev.

TIV rahbarining birinchi o‘rinbosari asli o‘zbekistonlik bo‘lgan chet el fuqarolari uchun yangi viza turi joriy etilishi mumkinligi haqidagi savolga ham javob berdi.

«Bilasizmi, bugungi kunda xorijdagi vatandoshlar bilan ishimizni qanday tashkil etmoqchimiz? Birinchi navbatda, aytib o‘tganimdek, davlatlar va viloyatlar kesimida ro‘yxatlar shakllantiryapmiz. Ro‘yxatdagi vatandoshlarimiz salohiyatli investorlar, xalqaro tashkilotlarda ishlayotganlar, ta'lim yo‘nalishida yordam berishi mumkin bo‘lganlar kabi guruhlarga bo‘linadi.

Ikkinchidan esa, xorijdagi vatandoshlarni kengroq jalb qilish uchun qanday tizimli ishlarni amalga oshirishimiz kerak, degan savolni qo‘yib, amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqamiz. Bu chora-tadbirlar ichida eng avvalo zarur qonuniy normativ baza yaratib berish, qandaydir imtiyozlar tizimini yaratib berish, ularning kelib-ketishi uchun viza bo‘yicha yengilliklar yaratib berish kabilar aks etadi», – dedi Farhod Arziyev.

Top