14:41 / 29.06.2020
14313

Karantindagi sport, Peshko‘dagi voqea va oldindagi rejalar. Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari bilan suhbat

O‘zbekistonda ham pandemiya tufayli turli sport turlari bo‘yicha chempionatlar vaqtincha qoldirilib, sport to‘xtab qoldi. Karantin paytida sport faoliyatini qanday tiklash mumkin? Joriy yilda rejalashtirilgan xalqaro sport tadbirlari qanday o‘tkaziladi? Mana shu masalalar yuzasidan Jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Elbek Habibullayevich Shukurov bilan intervyu tashkil etildi. 

- Assalomu alaykum, Elbek aka, O‘zbekiston sportidagi hozirgi vaziyat ko‘pchilikka qiziq. Ayni vaqtda O‘zbekistonda karantin bosqichma-bosqich yumshatilmoqda. Bunday paytda sport faoliyati qanday tiklanadi, asosiy urg‘u nimaga qaratiladi?

- Vaalaykum assalom, Alisher! Masala juda ham to‘g‘ri qo‘yildi. Karantin paytida boshqa faoliyat turlari bilan bir qatorda, bizning sport sohamiz ham birmuncha to‘xtatilgan edi. Mana endi Respublika maxsus komissiyasining tegishli qaroriga ko‘ra, joylarda asta-sekinlik bilan faoliyatimizni boshlayapmiz. Shu bilan birga, vazirligimizning 681-sonli buyrug‘iga binoan, faqatgina «yashil» va «sariq» hududlaridagina o‘z faoliyatimizni olib borishimiz mumkin. Mazkur qaror yuzasidan «yashil» va «sariq» hududlarda xususiy «Fitness klub»lar faoliyatiga ham ruxsat berildi. Bu jarayon o‘sha hudud hokimliklari va SES xizmati bilan kelishilgan holatda amalga oshiriladi. Vazirligimiz bilan SES xizmati o‘rtasida kelishuv imzolandi. Bu kelishuvdan 102ta sport turlariga ruxsat berildi va bir qancha talablar qo‘yildi. Ya'ni sport muassasalari o‘z mijozlariga gigiyena va oraliq masofa qoidalarini tushuntirgan, tashkil qilgan sport muassasalari faoliyatini davom ettirishi mumkin. Qolaversa, shunday sport turlari borki, sportchilar o‘rtasida oraliq masofa saqlanadi. Masalan, tennis, badminton kabi ijtimoiy masofa saqlanadigan sport turlariga 70 foiz urg‘u berilgan holda bemalol o‘z faoliyatlarini davom ettirishi mumkin. 

- Sportchilar mashg‘ulotlarni qanday olib borishadi? Ya'ni ular qandaydir test topshirishadimi?

- Har bitta vazirlik tarkibidagi sport muassasalarida tibbiyot xodimi faoliyat olib borishi belgilandi. Bunda sport muassasasiga keluvchi sportchi o‘sha yerdagi tibbiyot xodimining tibbiy ko‘rigidan o‘tadi va shundagina faoliyatini olib boradi. Shu bilan birgalikda, kirishdan boshlab tibbiy niqobda bo‘lishi, tana harorati doimiy normadan oshmasligi va gigiyenik qoidalarga amal qilishi kerak bo‘ladi. 

- Mana shu qoidalarni amalga oshirishda bir qancha resurslar talab qilinadi. Ya'ni haroratni o‘lchash vositalari, dezinfeksiya qurilmalari xarajatlari qanday manbadan qoplanadi? 

- Biz bu bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqishdan oldin kelishib olgan edik. Bilasiz, oddiy bir haroratni o‘lchovchi qurimaning o‘rtacha narxi 300-400 ming so‘m turadi. Bundan tashqari, kelayotgan har bir mijozni dezinfeksiya qilish, antiseptik vositalarni harid qilish ham anchagina mablag‘ talab qiladi. Shuning uchun ham vazirligimiz hisobidan 450 mln so‘m mablag‘ ajratildi va vazirlik tasarrufida bo‘lgan respublikamizning barcha bolalar va o‘smirlar sport muassasalariga tarqatildi. Kasallik bilan kurashish uchun odamda immunitet bo‘lishi kerak. Immunitetni kuchaytirish uchun esa baribir sport bilan shug‘ullanish kerak. Shunday vaziyatni hisobga olib, tuman va shahar hokimliklari tomonidan ham bir qancha yordamlar berildi. Bunda dezinfeksiya ishlariga va keyinchalik kerak bo‘ladigan xarajatlarni ham o‘z ichki imkoniyatidan kelib chiqqan holda qoplab berilishini ta'minladi.

Xabaringiz bor, bugun qaysidir hudud «yashil» hudud hisoblansa, ertaga «qizil» bo‘lib qolishi ehtimoli yo‘q emas. Bizni hozirda mana shu muammo o‘ylantiryapti.

- Peshko‘dagi vaziyat bo‘yicha ham gapirib o‘tsangiz. Vazirlik o‘rnatgan tartibdan boshqacharoqmidi yoki vazirlik istagan tartib ham shundaymidi?

- Bu bo‘yicha vazirlik o‘z munosabatini bildirdi. Bizga hududlardagi muassasalarda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri ma'lumot yetib kelmasligi mumkin. Lekin, OAV orqali ochiq-oydin bilishimiz mumkin. Bu borada OAVning faoliyatimizga ko‘p yordami tegadi.

Shu xabarni bilishimiz bilan vazirlik xodimi va boshqarma boshlig‘i borishdi, o‘rganishdi. Bu yerda majburiy mehnat emas, hashar o‘tkazilayotgani ma'lum bo‘ldi. Mutasaddilarga esa tegishli choralar ko‘rildi. O‘sha hududga «viloyat boshqarma boshlig‘i kelyapti, shuning uchun tozalash ishlari olib borilgan» degan gap bo‘lmagan. Qolaversa, bizga shunday topshiriq berilganki, borish rejalashtirilgan manzilga oldindan xabar bermaymiz. Chunki, albatta, mas'ul xodim tepadan kelayotganini bilsa o‘z aybini yashirishga harakat qiladi, tozalaydi. Shuning uchun biz oldindan xabar bermaymiz. U yerdagi vaziyatni o‘rganish, to‘g‘rilash uchun boramiz. Ayniqsa, bugungi pandemiya davrida tozalik birinchi o‘rinda turadi.

Orada 2-3 oy davomida muassasa qarovsiz qolib ketgan edi. Peshko‘dagi muassasa rahbari ham yig‘ilib qolgan ishlarni hal qilmoqchi, tezlik bilan tozalash ishlarini amalga oshirmoqchi bo‘lgandir. Telegram guruhidan chiqqan skrinshotlarda xodimlardan tez yetib kelish so‘ralganini ko‘rish mumkin. Mana shunday holatning o‘zini ham majburiy mehnatning bir ko‘rinishi deb hisobladik va rahbarning uquvsizligi uchun jazo choralari qo‘llandi. Bir jihatni e'tiborga olish kerak, necha yillardan beri ta'mir qilinmagan, 30-40 yillar oldin qurilgan sport muassasa rahbarlari o‘z hududini chinnidek qilib, yo‘qdan bor qilib faoliyat olib boradi.

Lekin Jismoniy tarbiya va sport vazirligi majburiy mehnatning har qanday turini qoralaydi. U yerda bir homilador ayolning ham rasmi tushib qolgan ekan. Uning turmush o‘rtog‘i chet elda ishlaydi. Bu rasmni ko‘rib oilaviy nizo kelib chiqqan. Mana shunday holat ham juda salbiy ko‘rinadi. 

Intervyu davomida yoz mavsumida faoliyatini qayta tiklashi mumkin bo‘lgan sport turlari, musobaqalarni o‘tkazish jadvali hamda O‘zbekistonda ommaviy sport rivojiga to‘siqlar haqida ham ma'lumot berib o‘tilgan. Suhbatni Youtube orqali to‘liq tomosha qilish mumkin. 

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Top