14:37 / 29.06.2020
3815
Kun.uz karantin davrida ehtiyojmand oilalarga jami 715 mln so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatdi

Koronavirus pandemiyasi keng tarqalishining oldini olish maqsadida joriy qilingan karantin cheklovlari ko‘plab oilalar daromad manbayidan mahrum bo‘lishiga va buning natijasida moddiy ahvoli og‘irlashishiga sabab bo‘ldi.

Mana shunday og‘ir kunlarda Hukumat va tegishli idoralar tomonidan ko‘rilgan zarur chora-tadbirlar qatorida saxovatpesha insonlar ham bir chetda qarab turishmadi. 

Kun.uz sayti ham ushbu xayrli va savobli ishlarda tashabbus ko‘rsatib, yordamga muhtoj oilalarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaror qilgan edi.

Tahririyat o‘z mablag‘lari hisobidan, oz bo‘lsa-da xalqning og‘irini yengil qilish maqsadida daromadsiz qolib, moddiy tomondan qiyin ahvolga tushib qolgan, boquvchisi yo‘q, ko‘p bolali, nogironligi bor insonlar holidan baholiqudrat xabar olib turishga harakat qildi.

Jumladan, o‘tgan uch oy davomida har oy ana shunday toifadagi 454ta oilaga moddiy ahvoli va ehtiyojlaridan kelib chiqib 1 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha bo‘lgan miqdorda jami 715 mln so‘m pul ko‘rinishidagi moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Ajratilgan mablag‘lar naqd pulda va plastik kartalarga o‘tkazish yo‘li bilan o‘z egalariga yetkazildi.

Tahririyat o‘z moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib, bunday xayrli ishlarni kelgusida ham davom ettirishga harakat qiladi. Yurtimizdagi barcha saxovatli kishilarni murakkab kunlarda atrofdagilarga befarq bo‘lmaslikka, xayrli ishlarda faol bo‘lishga chaqirib qolamiz.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top