09:25 / 29.06.2020
26446
Noma'lum uchar jismlarning 40 yil ichidagi eng yaxshi surati e'lon qilindi

Polshalik erkak noma'lum uchar jismlarni (NUJ) o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi ufologlar fikricha, NUJlarning 40 yil ichidagi eng yaxshi suratlarini oldi.

The Mirror nashrining xabar berishicha, Polshaning Yastrovo qishlog‘ida yashovchi va hamyurtlari tomonidan ruhiy nosog‘lom deb qabul qilinmasligi uchun noma'lum bo‘lib qolishni istagan erkak telefoni kamerasiga NUJni suratga olgan. Suratlar sifati yuqori bo‘lib, undagi jismni batafsil o‘rganishga imkon bergan.

Foto: Triangle News

Erkakning aytishicha, u velosipedda ketayotganda g‘alati tovushni eshitgan. U ortiga o‘girilganda o‘rmon ustida muallaq turgan piramidasimon jismni ko‘rgan. NUJ ko‘zdan g‘oyib bo‘lishidan oldin erkak uning 5 ta suratini olishga muvaffaq bo‘lgan. So‘ngra u suratlarni ufolog Robert Bernatovichga bergan.

Foto: Triangle News

Bernatovich o‘z navbatida suratlarni Britaniyaning NUJlarni o‘rganish uyushmasi tergovlar bo‘limining sobiq boshlig‘i Filipp Mentlga bergan. 

Mentlning ta'kidlashicha, bu suratlar u oxirgi 40 yil ichida ko‘rgan suratlardan eng yaxshisi va ehtimol, haqiqiy hisoblanadi.

Uning bu fikriga yana bir mutaxassis Jyeyson Gliv qo‘shilgan. Uning ta'kidlashicha, suratdan obekt metalldan ishlangani va yer ustida 45-60 metr balandlikda turgani haqida xulosa chiqarish mumkin.

“Men suratlarning yuqori sifatdaligidan hayratga tushdim. Ko‘rinishicha, obekt yerdan 150-200 fut (45-60 metr) balandlikda qolib, 50 metrlik radiusda harakatlangan”, deb aytgan Gliv.

Top